Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirishga yordam bermoqchi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir Sherzod Shermatov Xitoyning “iFlyTek” kompaniyasi vitse-prezidenti Duan Da Wei bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar turli sohalarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha manfaatli hamkorlikni muhokama qildi.
Kompaniya bilan hamkorlikda O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, texnologik startaplarga sarmoya kiritish masalari ko‘rib chiqildi.
Yanvar oyida Xitoy kompaniyasi bilan “BYD” avtomobillarida o‘zbek tilidagi “Muxlisa AI” ovozli yordamchisini o‘rnatishga kelishib olingandi. Uchrashuvda mazkur loyihani O‘zbekistonda aqlli ovoz funksiyasiga ega “BYD” elektromobillariga integratsiyalash bo‘yicha ham mulohaza yuritildi.
“iFlyTek” kompaniyasi 1999-yilda tashkil etilgan. Kompaniya sun’iy intellekt dasturiy ta’minoti va xizmatlarini yetkazib berish, ovozni aniqlash, tasvirni qayta ishlash sohalarida xizmat ko‘rsatadi.
Avvalroq O‘zbekiston hukumati sun’iy intellekt bo‘yicha mintaqaviy ekspert platformasini yaratishni ilgari surgandi. Uning doirasida MDH davlatlari bilan bilim va texnologiyalar almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi mumkin.