Avvalroq joriy yilning 1-mayidan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari o‘zgarishi ma’lum qilingandi.

Shundan kelib chiqib, kam ta’minlangan oilalarga va ayrim toifadagi iste’molchilarga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatiladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar bermoqda.

1-maygacha bo‘lgan muddatda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari oshishini hisobga olib, minimal iste’mol xarajatlari qiymati qayta ko‘rib chiqiladi.

Bunda 1 mlnga yaqin eng kam pensiya va nafaqa oluvchilarning pensiya va nafaqa miqdorlari mazkur qiymatdan kam bo‘lmagan miqdorda qayta hisoblanadi.

Aholining muhtoj qatlamlarining isitish mavsumida qo‘shimcha ijtimoiy himoyasini ta’minlash belgilanmoqda.

2024-yilning noyabrida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangan oilalarga 270 ming so‘m miqdorida bir martalik kompensatsiya ajratiladi. Natijada qariyb 1,5 mln kam ta’minlangan oilalarning ijtimoiy himoyasi ta’minlanadi.

Shuningdek, “mahalla yettiligi” xulosalari asosida reyestrga kirmagan qo‘shimcha 200 mingdan ortiq muhtoj oilalarga ham mazkur kompensatsiya to‘lab beriladi.

Bunda, “mahalla yettiligi” tomonidan muhtoj oilalar ro‘yxatlari uyma-uy yurgan holda shakllantiriladi.

Elektr energiyasi va gaz bo‘yicha quyidagi miqdorlardagi iste’mol uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi:

  • tabiiy gaz uchun — oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 250 kub metrgacha;
  • elektr energiyasi uchun — oyiga bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan 150 kVt soatgacha.

Ijtimoiy me’yordan ortgan iste’mol uchun kompensatsiya olish uchun ehtiyojmand oila “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga ariza topshiradi. Kompensatsiya haqiqiy iste’molidan kelib chiqib, keyingi oyda to‘lab beriladi.

Kompensatsiya to‘lovlari budjet mablag‘lari hisobidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali to‘lanadi.

Hukumat qarori bilan 2025-yilning 1-aprelidan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari uchun bosqichma-bosqich o‘zgaradigan narxlar belgilanmoqda.