16-aprel kuni hukumatning “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, yoqilg‘i-energetika resurslarining 2024−2025 yillarda bosqichma-bosqich o‘zgaradigan yangi narxlari hamda 2024-yilning 1-mayidan aholi uchun elektr-energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, elektr energiyasi bir oylik bazaviy me’yori 200 kVt/soatni, tabiiy gaz uchun esa isitish mavsumida 500 kub metrni, boshqa mavsumda esa 100 kub metrni tashkil qilmoqda.
Isitish mavsumi Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida oktabr — fevral oylarini, boshqa hududlarda esa noyabr — fevral oylarini qamrab oladi. Isitishdan tashqari mavsum Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida mart — sentabr oylarini, boshqa hududlarda esa mart — oktabr oylarini qamrab olishi nazarda tutilmoqda.
1-maydan elektr energiyasi narxi iste’molchilarning I va II guruhlari uchun o‘zgarishsiz — 1 kVt/soat uchun mos ravishda 1000 so‘m va 900 so‘mdan qoldirilmoqda.
Iste’molchilarning III guruhi, shu jumladan, markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar uchun 1 oydagi iste’moldan kelib chiqib quyidagicha belgilanmoqda:
- oyiga 200 kVt/soatgacha bo‘lgan qismiga — 225 so‘m;
- 200 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha — 450 so‘m;
- 1000 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha — 675 so‘m;
- 5000 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha — 787,5 so‘m;
- 10 000 kVt/soat va undan yuqori — 900 so‘mdan.
Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa narxlar bir oydagi iste’moldan kelib chiqib quyidagicha belgilanadi:
- oyiga 200 kVt/soatgacha — 450 so‘m;
- 201 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha — 900 so‘m;
- 1000 kVt/soatdan 5000 kVt/soatgacha — 1350 so‘m;
- 5000 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha — 1575 so‘m;
- 10 000 kVt/soat va undan ortiq har bir kVt/soat uchun — 1800 so‘m.
Iste’molchilarning VI guruhi uchun ham narxlar o‘zgarishsiz, ya’ni bir kVt/soat uchun 900 so‘mdan qolmoqda.
Qarorda tabiiy gaz yetkazib berish narxidagi o‘zgarishlar ham belgilangan. Barcha iste’molchilar uchun to‘lov miqdori o‘zgarishsiz — bir kubometr uchun 1 500 so‘mdan qolmoqda.
Yirik ulgurji iste’molchilar hamda budjet tashkilotlari uchun ham tabiiy gaz narxi o‘zgarishsiz — bir kubometr uchun 1 800 so‘mdan qoladi.
Kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun aholiga mavsumga qarab narx belgilanmoqda. Noyabrdan fevralgacha, isitish mavsumida aholiga yetkazib beriladigan tabiiy gazning bir kubometr narxi quyidagicha belgilandi:
- 500 kub metrgacha iste’mol uchun 380 so‘mdan 650 so‘mgacha;
- 500dan 2500 kub metrgacha 1500 so‘mdan;
- 2 500dan 5 ming kub metrgacha 1950 so‘mdan;
- 5 mingdan 10 ming kub metrgacha 2275 so‘mdan;
- 10 ming kub metrdan yuqori iste’mol uchun 2 600 so‘m.
Mart-oktabr oylarida gaz iste’moli uchun tariflar quyidagicha beligilandi:
- 100 kub metrgacha — 650 so‘m;
- 101 kub metrdan 2500 kub metrgacha — 1500 so‘m;
- 2500 kub metrdan 5000 kub metrgacha 1950 so‘m;
- 5 ming kub metrdan 10 ming kub metrgacha — 2275 so‘m;
- 10 ming kub metrdan va undan yuqori iste’mol uchun — 2600 so‘mdan .
Shuningdek, aholi uchun suyultirilgan gaz tarifi 1 kgga 1120 so‘mdan 1600 so‘mga oshadi.
1-iyundan AGTKShlarga yetkazib beriladigan gaz narxi 1500 so‘mdan 1800 so‘mga oshadi.
Oxirgi marta gaz va elektr energiyasi tariflari 2019-yil avgust oyida oshirilgandi. 2023-yilning 1-oktabrdan yirik korxonalar, budjet tashkilotlari, kompaniyalar va boshqa yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz narxlari oshirildi.