O‘zbekiston fuqarolarining xorijda ishlash soni oldingi yillarga nisbatan kamaygan. Bu haqda 15-aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Migratsiya agentligining Strategik rejalashtirish va yig‘ma tahlil bo‘limi boshlig‘i Azim Axmatov ma’lum qildi.
Xususan, chet elda ishlovchi fuqarolar soni 2010−2014 yillardagi ko‘rsatkichlarga nisbatan pasaygan.
“O‘sha yillari mavsumga qarab 3 mlndan 4 mlngacha bo‘lgan aholi xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirgan bo‘lsa, oxirgi yillarda kuzatilgan tendensiyalarga ko‘ra, 2−3 mln atrofida bo‘lgan. E’tibor berishimiz kerakki, aholimiz soni ko‘payib bormoqda, lekin mehnat migratsiyasidagi ulishimiz nisbatan kamroq”, — dedi Azim Axmatov.
Shuningdek, agentlik vakilining qayd etishicha, o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining asosiy qismi viza talab etilmaydigan, jumladan, Rossiya, Qozog‘iston va Turkiya kabi mamlakatlarda ishlashmoqda.
“Fuqarolar iqtisodiyoti rivojlangan davlatlarga chiqib ishlashni ko‘proq xohlashadi, rivojlangan davlatlarda esa viza rejimi bor. Shu sabab ham bugungi kunda migrantlarimizning asosiy qismi viza talab etilmaydigan davlatlarda ishtirok etishmoqda”, dedi u.
Islohotlar natijasida mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirishga va uning yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga erishilib, Migratsiya agentligining o‘zi 33ga yaqin mamlakat bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Ayni vaqtda 28ta davlatdan 160 mingga yaqin ish o‘rinlari aniqlanib, OAV va agentlikning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallarida e’lonlar berib borilmoqda.
Avvalroq mehnat migratsiyasi jarayonlarini yaxshilash va xorijda ishlayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingandi. Endi xorijga ishga ketayotgan fuqarolarga xarajatlarini qoplashga 3,4 mln so‘mgacha kompensatsiya beriladi.
1-sentabrgacha migrantlarga yordam ko‘rsatuvchi Call-markaz tashkil etiladi. Xorijdan chiquvchi qo‘ng‘iroqlar bepul amalga oshiriladi. 2025-yilning 1-iyuligacha yagona idoralararo va to‘liq integratsiya qilingan elektron ma’lumotlar bazasi hamda mobil ilova ishlab chiqiladi.
“Spot” xorijga qonuniy ishga qanday ketish mumkinligi hamda nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida qo‘llanmani taqdim etgan.