“Xiaomi SU7” uchun oldindan buyurtma berganlarning taxminan 55%i pulni qaytarishga qaror qildi, deb xabar beradi “IIXBT”.
Qayd etilishicha, hozirda “Xiaomi SU7” elektromobillari uchun to‘langan buyurtmalar soni 60 ming donadan oshdi.
Taqdimotdan oldin oldindan buyurtma bergan birinchi mijozlar dastlabki to‘lovni qaytarish imkoniyatiga ega bo‘ldi va shundan keyingina kompaniya qaytarilmaydigan dastlabki to‘lovlarni qabul qila boshladi.
“Xiaomi SU7” avtomobili 28-mart kuni taqdim etilgandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 4 daqiqada 10 000ta, 7 daqiqada 20 000ta, 27 daqiqada 50 000ta va 24 soat ichida 88 898ta oldindan buyurtma berilgan.
3-aprel kuni bo‘lib o‘tgan “Xiaomi SU7” yetkazib berish marosimida “Xiaomi” asoschisi va rahbari Ley Jun elektromobillar sotuvi boshlanganidan beri bir necha kun ichida 100 mingdan ortiq odam buyurtma berganini, to‘langan buyurtmalar soni esa 40 mingdan oshganini aytdi.
Hozirda “Xiaomi SU7 Standard Edition” va “Xiaomi SU7 Pro” buyurtmalar rasmiylashtirilgandan keyin 26−29 hafta ichida yetkazib beriladi, “Xiaomi SU7 Max” esa 28−31 hafta ichida yetkazib berilishi kutilmoqda.
Avvalroq “Spot” “Xiaomi” kapitallashuvi elektromobil sotuvi boshlanganidan keyin $7,6 mlrdga oshgani haqida yozgandi.
Kompaniya aksiyalari 16%ga qimmatlashib, General Motors va Fordnikidan yuqori ko‘rsфtkichni qayd etgan.