Shavkat Mirziyoyevga 2024-yilgi xususiylashtirish dasturi va uning ijrosini samarali tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida axborot berildi.
Yil boshida hukumatga yangi xususiylashtirish dasturini tayyorlash vazifasi qo‘yilgandi. Shu asosida, davlat ishtirokidagi korxonalarning ulushlari va ko‘chmas mulk obyektlari samaradorlik jihatidan tahlil qilinib, yangi dastur ishlab chiqildi.
Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish maqsadida ommaviy savdolarga chiqariladigan 250ga yaqin ulushlar ro‘yxati, davlat ishtirokidagi korxonalarning qariyb 1000ta ko‘chmas mulk obyekti ro‘yxati, mahalliy fond bozorida aksiyalarning ommaviy taklifi o‘tkaziladigan 12ta korxona ro‘yxati shakllantirildi.
Ilgari savdoga qo‘yilgan ayrim inshootlar sotilishida ham muammolar bor. Buni tezlashtirish va iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish maqsadida yengilliklar belgilanmoqda.
Masalan, davlat aktivlari 3 oyda sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) ularning boshlang‘ich bahosi 10%gacha bosqichma-bosqich pasaytiriladi.
2024-yilgacha auksion orqali ijaraga olganiga kamida 5 yil bo‘lgan va majburiyatlarini bajargan tadbirkorlarga davlat mulkini baholangan qiymatda sotib olish taklif etiladi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari 3 oyda sotilmaganda boshlang‘ich qiymati 30%gacha, 6 oyda sotilmaganda 10%gacha pasaytiriladi.
Shuningdek, to‘lovlarning 15%ini 3 oyda, qolgan qismini 10 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi. Bunda Toshkent shahri va viloyat markazlari mustasno.
Xususiylashtirish dasturlariga kiritilgan ko‘chmas mulklarning kadastr hujjatlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun to‘lovlarni Xususiylashtirish jamg‘armasi hisobidan amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Yangi dastur doirasida, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati hamda xalqaro avtomobil yo‘llari bo‘yida savdo va servis obyektlarini joylashtirish uchun savdolarga chiqariladigan yerlarning ro‘yxatlari shakllantirilib, ularni savdoga chiqarish soddalashtirildi. Bu borada yangi tartiblar belgilash taklif etilmoqda.
Master-reja asosida xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari bo‘yida joylashgan yer uchastkalari servis va savdo-maishiy obyektlarni qurish uchun auksionga chiqariladi. Sotilgan yerlar xaridorga cheklovlarsiz rasmiylashtirib beriladi.
Shuningdek, davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirishni tezlashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Agrar sohaga xizmat ko‘rsatuvchi davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari bu jarayonlarni tezlashtirish, xususiylashgan bino-inshootlar negizida tadbirkorlikni rivojlantirib, ko‘proq ish o‘rinlari ochish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
O‘z sohasida xususiy sektor ulushini doim oshirib borish, samarasiz foydalanilayotgan va bo‘sh turgan aktivlarni sotish mahalliy hokimlik va tarmoq rahbarlarining asosiy vazifalaridan bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘tgan yili zaxira yerlarni tadbirkorlarga auksion orqali sotishdan tushgan tushum 1 trln so‘mni tashkil etgan. 12 mingta yangi loyihalar qo‘shilganiga qaramay sustkashlik sabab, 3 trln so‘m qo‘shimcha tushum boy berilgan.