Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida to‘qimachilik sohasida eksport va investitsiya hajmlarini oshirishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani xabar qilingandi.
Bugungi kunda chetdan yuqori hosildor urug‘lik chigit keltirib, 100 ming gektarga ekish ishlari olib borilmoqda. Xorazm 8 ming gektarga chigitni to‘liq ekib bo‘ldi. Andijon ekishni yaqinda tugatadi.
Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida ekish ishlari 10%, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘onada 30%, Buxoro, Jizzax va Sirdaryoda 60%ga ham bormasligi qayd etildi. Mutasaddilarga bu boradagi ishlarni tezlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Barcha klasterlar faoliyati tahlil qilinib, ulardagi xomashyo va aylanma mablag‘ bilan bog‘liq masalalar o‘rganildi. Chuqur qayta ishlashni joriy qilgani uchun aksariyat klasterlar yaxshi ishlayapti, ularning faoliyatida kreditni qaytarish, ishlab chiqarishning pasayishi bilan bog‘liq muammolar yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ayrim klasterlarga esa biroz ko‘mak berilsa, unumdorlik va eksport yanada oshadi. Mutasaddilarga klasterlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish topshirildi.
“Ko‘rib turibsizlar, sohadagi salohiyatdan foydalanilmasa, ishlab chiqarish ham, eksport ham, ish o‘rinlari ham ko‘paymaydi. Bu borada yagona to‘g‘ri yo‘limiz — mavjud xom ashyoni to‘liq qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish va an’anaviy „arzon“ bozorlardan — yangi, „qimmat“ bozorlarga kirib borish”, — dedi prezident.
Tadbirkorlar to‘qimachilik korxonalari qurish, QQSni bir kunda qaytarish amaliyotini kengaytirish, eksportoldi kreditlar olishni soddalashtirish, arzon moliyaviy resurslar ajratish kabilar bo‘yicha muammo va takliflarini bildirdi. Davlat rahbari bildirilgan fikr va takliflarni o‘rganib, tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
Mutasaddilarga “A” reytingi bor tadbirkorlarga ham 2 yil davomida QQSni qaytarish bo‘yicha bir kunda xulosa berish tizimini yo‘lga qo‘yish, xorijdagi “erkin zonalar"ning omborlarini ijaraga olish, bo‘yalgan mato eksport qilgan korxonalarga xorijiy valyutada kredit ajratish tizimini joriy qilish topshirildi.
Tadbirkorlar reytingida “A” toifadagi eksportchi korxonalarga akkreditivni garovga olib, uning 70%i miqdorida aylanma mablag‘ uchun kredit ajratiladi. To‘qimachilik korxonalariga obyektlarni o‘z kuchi bilan qurishga ruxsat beriladi.
Gazlama, bo‘yash-pardozlash, tayyor tikuv-trikotajdagi $10 mlngacha bo‘lgan loyihalar uchun chet el valyutasida olinadigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 6%dan yuqori qismi kompensatsiya qilinadi.
To‘qimachilik korxonalari aylanmasi uchun berilgan kreditlarning qaytarish muddati uzaytirilib, tadbirkorlarga grafik bo‘yicha o‘z vaqtida qaytarilgan summaga teng miqdorda “revolver” kredit beriladi.
Shuningdek, poytaxt va viloyat markazlaridagi yirik savdo komplekslarida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” (Made in Uzbekistan) nomi ostida milliy mahsulotlar do‘konlarini tashkil qilish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar kiritish topshirildi.
Yig‘ilishda “O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi faoliyatini faollashtirish zarurligi ta’kidlandi. Klasterlar uyushmasi va To‘qimachilik uyushmasini birlashtirib, yagona “xom ashyodan tayyor mahsulotgacha” tizimini yaratish taklif qilindi.
Endilikda uyushmani to‘qimachilikning har bir yo‘nalishidagi tadbirkorlardan iborat kengash boshqaradi. Uyushma klasterlar va to‘qimachilik korxonalariga mahsulot, investitsiya, eksport va ish o‘rinlarini ko‘paytirishga ko‘maklashib, brendlar bilan ishlashning yaxlit tizimini yo‘lga qo‘yadi.
Shu bilan birga, xalqaro sertifikatlarga ega eksportchilar sonini oshirishi, yetakchi sorsing, brend va riteylerlarni jalb qilishi, Yevropa davlatlarida keng qamrovli targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishi muhimligi qayd etildi.
Klasterlarda ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida ularda tadqiqot (R&D) guruhlarini tashkil etish taklif etildi.