Hukumat qarori bilan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlandi. 1-maydan jismoniy shaxslar uchun elektr va gaz tariflari oshiriladi.
“Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov mazkur o‘zgarishlar bo‘yicha munosabat bildirdi.
“O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moliga to‘lovlar uning tannarxiga mos kelmaydi, oradagi tafovut davlat byudjetidan subsidiyalar hisobiga qoplanadi. Bunday yondashuv fuqarolarning moddiy imkoniyatidan qat’i nazar, butun aholi uchun qo‘llaniladi. Energiya resurslarining jiddiy tanqisligi sharoitida moddiy ta’minlangan fuqarolar xarajatlari uchun davlat budjetidan dotatsiya olmasligi kerak, deb hisoblaymiz”, — deya qayd etdi u.
Bobur Bekmurodovning ta’kidlashicha, mamlakat energetika tarmog‘i tub islohotlarga muhtoj, shu sabab, tariflarni o‘zgartirish va bozor mexanizmlarini joriy etish zarur. Shu bilan birga, harakat rahbari mas’ul vazirlik va idoralarni ayrim jihatlarni inobatga olishga chaqirdi.
Xususan, qaror ijrosi doirasida markaziy isitish tizimi va tabiiy gazdan foydalanish imkoni yo‘q hududlardagi sharoitlarni hamda asosiy issiqlik manbalari pechka va konditsionerlar ekanligini hisobga olish zarur.
Energetika vazirligi yuqori kuchlanish bo‘lganda maishiy texnikalariga zarar yetgan iste’molchilarga kompensatsiya to‘lash mexanizmlarini ishlab chiqishi zarur.
Shuningdek, hukumat davlat budjetidan energiya tarmog‘ini modernizatsiya qilishga ajratilgan mablag‘larning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashi kerak.
“Xorijiy tajribani o‘rganish ham muhim. Differensiyalangan tariflar qo‘llaniladigan mamlakatlarda elektr energiyasiga talab yuqori bo‘lgan paytlarda (anomal havo sharoitlarida) tarif normalari sezilarli darajada oshiriladi”, deya so‘zini yakunladi Bobur Bekmurodov.
2023-yilning oktabrida yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshirildi. 1-maydan aholi uchun ham elektr va gaz uchun tariflar oshiriladi va energiya iste’molining bazaviy me’yorlari o‘rnatiladi. 1-iyuldan esa energiya resurslari uchun yuridik shaxslardan to‘lovlar 100% oldindan olinadi.
Kelgusi yilning aprel oyida jismoniy shaxslar uchun elektr va gaz tariflarini yana oshirish rejalashtirilmoqda. Iqtisodiyot va Moliya vazirligi bunga sabab sifatida inflyatsiyaning o‘sishini ko‘rsatib, so‘nggi besh yil ichida u 66%ga oshganini qayd etdi.
Aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshirilishi sabab, 1,5 mln kam ta’minlangan oilalarga yordam beriladi. Isitish mavsumida 270 ming so‘m miqdorida bir martalik kompensatsiya ajratiladi.