Xitoylik investorlar Toshkent viloyatidagi umumiy 200 gektar yer maydonida industrial sanoat zonasini tashkil etmoqchi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat mas’ullaridan iborat delegatsiya Xitoyga tashrif doirasida mamlakatning Tyanzin, Uxan, Shendjen, Guvandjou, Xoton hamda Pekin provinsiyalarida bo‘lishdi.
Tomonlar elektrotexnika, qurilish materiallari, to‘qimachilik sanoati, sog‘liqni saqlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatish, chinni va keramik mahsulotlar ishlab chiqarish, shuningdek IT-park tashkil etish kabi loyihalarni viloyatda tatbiq etish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdi.
Bular qatorida Zangiota tumanida qiymati $20 mlnlik diognostika va sog‘lomlashtirish markazini qurish, $25 mlnlik ijtimoiy obeyktlarni bir martalik taomlar bilan ta’minlash va ketring xizmatini yo‘lga qo‘yish hamda Ohangaronda $2 mlrdga yaqin fotoelektrostansiyasini qurish loyihalari bor.
Yangiyo‘l shahriga sarmoya kiritishga qiziqish bildirgan xitoylik investorlar bilan hududda kichik sanoat zonasini tashkil etish va boshqarish masalalari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, turar-joy massivini rivojlantirish va eskirgan uy-joylarni ta’mirlash, yangi bog‘ tashkil etishga ham e’tibor qaratildi.
Xoton viloyatida o‘tkazilgan biznes vakillarining muhokama yig‘ilishida farmatsevtika mahsulotlari, metalkonstruksiyalar, sun’iy tola va ip ishlab chiqarish loyihalari uchun $90 mlnga yaqin mablag‘lar kiritish reja qilindi.
Shuningdek, Nurafshon shahri hamda Zangiota tumanida jami 200 gektar yer maydonida industrial sanoat zonalarini tashkil etish bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
Toshkent viloyatining tuman va shaharlaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish maqsadida viloyatdagi faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlarning ishini tiklashga yordam beriladi. Poytaxtdagi sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich shahardan tashqariga ko‘chirish rejalashtirilgan.
Avvalroq Xorazmda Eron kompaniyalari uchun alohida sanoat zonasi tashkil etilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Ikki mamlakat kompaniyalari ishtirokida qiymati $160 mlnlik 29ta qo‘shma loyihalarni amalga oshiradi.