Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) 2024-yilda O‘zbekistonda inflyatsiya tezlashishini prognoz qilmoqda. Bu haqda fondning aprel oyidagi sharhida keltirilgan.
2023-yilda iqtisodiy o‘sish dekabr oyiga nisbatan 0,3% punktga yuqori ko‘rsatkich — 6%ni tashkil etdi.
Baholashning yaxshilanishi budjet xarajatlarining ko‘payishi, ish haqi va eksportning yuqori o‘sishi bilan bog‘liq. Biroq, joriy yilda XVJ iqtisodiy o‘sish 5,2%gacha, 2025-yilda esa 5,4%gacha sekinlashishini kutmoqda.
O‘tgan yili inflyatsiya 10%ni tashkil etgan bo‘lsa-da, joriy yilda 11,6%gacha tezlashadi. Shu tariqa, narxlarning o‘sish prognozi 0,6 foiz punktga yomonlashdi.
2025-yilda inflyatsiya o‘sishi 9,7%gacha sekinlashadi, bu Markaziy bank erishmoqchi bo‘lgan ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir. 2029-yilga borib inflyatsiya 5%ni tashkil etishi mumkin.
Bundan tashqari, kambag‘allik darajasi keyingi ikki yil ichida ketma-ket 1 foiz punktga, 2023-yildagi 8,4%dan 2025-yilda 7,4%ga qisqaradi.
XVJ dekabr oyidagi sharhida tartibga solinadigan energiya narxlarining oshishi inflyatsiyaning o‘sishiga olib kelishini ta’kidlagandi. Shunga qaramay, tariflarni indeksatsiyalashning inflyatsiyaga qarshi ta’siri Markaziy bankning qattiq pul-kredit siyosati va davlat byudjetining sezilarli konsolidatsiyasi orqali qisman qoplanadi.
2023-yilning oktabrida yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshirildi. 1-maydan aholi uchun ham elektr va gaz uchun tariflar oshiriladi va energiya iste’molining bazaviy me’yorlari o‘rnatiladi. 1-iyuldan energiya resurslari uchun yuridik shaxslardan to‘lovlar 100% oldindan olinadi.
Kelgusi yilning aprel oyida jismoniy shaxslar uchun elektr va gaz tariflarini yana oshirish rejalashtirilgan. Iqtisodiyot va Moliya vazirligi bunga sabab sifatida inflyatsiyaning o‘sishini ko‘rsatdi, bu so‘nggi besh yil ichida 66%ga oshgan.