O‘zbekiston va Eron savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va transport-logistika sohalarida hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida tomonlar tegishli vazirlik va tashkilotlarining mutasaddi vakillari o‘rtasida videokonferensiya tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston va Eron kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati $160 mlnga teng bo‘lgan 29ta qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar Xorazm viloyatida Eron kompaniyalari uchun alohida sanoat zonasini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishdi.
Shuningdek, 23ta investitsiya loyihasiga hamkorlar topish istiqbollari xususida fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida Eron elchisi Muhammad Ali Iskandariyning Xorazm viloyatiga tashrifini tashkillashtirish va viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati hamda taklif etilayotgan investitsiyaviy loyihalar taqdimotini o‘tkazishga kelishildi.
Avvalroq Eronning “Beyza Feed Mill” (BFM Group) kompaniyasi Xorazmda baliqchilik klasterini tashkil etishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgandi.
Misr kompaniyasi Navoiyda sanoat zonasini qurmoqchi. Loyiha qiymati $50 mln bo‘lib, sanoat zonasi 200 ga yer maydonida tashkil etiladi.