Amerikaning “McDonald's” kompaniyasi O‘zbekistonda tovar belgisining amal qilish muddatini uzaytirish bo‘yicha arizalarni topshirdi. Bu haqda Intellektual mulk elektron davlat xizmatlari portalidagi ma’lumotlardan ma’lum bo‘ldi.
8-aprel kuni Adliya vazirligi “McDonald's” korporatsiyasining 9ta arizasini ro‘yxatga oldi. Ular hozirda “formal ekspertiza jarayonida”. Belgilar turlari — “M”, “McDonald's” va “M McDonald’s” so‘zli transliteratsiyalari.
Xat yozishmalari uchun manzil sifatida poytaxtning Zulfiyaxonim ko‘chasi, 12-uy keltirilgan. Mazkur manzildagi “Alfa” biznes markazida biznes-konsalting bilan shug‘ullanuvchi “Legalmax” yuridik firmasi joylashgan.
“Spot” “Legalmax” vakili bilan bog‘landi va u kompaniyaning O‘zbekistondagi “McDonald's” korporatsiyasining patent vakili sifatida ishtirok etishini tasdiqladi. “Spot” shuningdek, huquqshunoslik firmasiga izoh berish uchun rasmiy so‘rov yubordi, ammo tezkor javob olmadi.
Taqdim etilgan arizalarda tovarlar va xizmatlar ro‘yxati orasida Tovarlar va xizmatlar xalqaro klassifikatorining (TXXK) 29, 30, 32, 41 va 43-sinflari keltirilgan:
- go‘sht, baliq, parranda va yovvoyi qush; go‘sht ekstrakti; konservalangan, muzlatilgan, quritilgan va pishirilgan sabzavot va mevalar; jele, murabbo, kompotlar; tuxum; sut, pishloq, sariyog‘, yogurt va boshqa sut mahsulotlari; moy va oziq-ovqat yog‘lari;
- qahva, choy, kakao va ularning o‘rnini bosuvchi moddalar; guruch, makaron va ugra; tapioka va sago; un va don mahsulotlari; non, unli qandolat mahsulotlari va shakar qandolat mahsulotlari; shokolad; muzqaymoq, sorbetlar va boshqa iste’mol muzlari; shakar, asal, qiyom; xamirturush, pishirish kukuni; tuz, ziravorlar, ko‘katlar, konservalangan ko‘katlar; sirka, souslar va boshqa ziravorlar; muz (muzlatilgan suv);
- pivo; alkogolsiz ichimliklar; mineral va gazlangan suvlar; mevali ichimliklar va meva sharbatlari; alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqarish uchun siroplar va boshqa tarkiblar;
- ta’lim; ta’limni ta’minlash; o‘yin-kulgi; sport va madaniy tadbirlarni tashkil etish;
- oziq-ovqat va ichimliklar xizmatlari; vaqtinchalik turar joy bilan ta’minlash.
Mart oyida mahalliy “Reach Impex” kompaniyasi “McDonald's” savdo belgisini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ikkita ariza topshirgandi. Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya mas’uliyati cheklangan jamiyati sifatida 2022-yilning 19-aprelida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav kapitali — 211,1 mln so‘m.
“Reach Impex” vakili “Spot"ga bergan izohida kompaniya TXXK 43-sinfga alohida ariza topshirganini aytdi, chunki “McDonald's” ilgari tez ovqatlanish restorani nomini o‘z ichiga olgan ushbu sinfga ariza bermagan. Ikkinchi talabnoma tovar belgisidan foydalangan holda taom tayyorlash bilan bog‘liq oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatiga topshirildi.
Kompaniyaning taʼkidlashicha, ularning pozitsiyasi tovar belgilari to‘g‘risidagi qonun va O‘zbekiston ishtirok etayotgan sanoat mulkini muhofaza qilish bo‘yicha Parij konvensiyasining xalqaro qoidalariga asoslanadi.
“Reach Impex” 19-aprel kuni poytaxt tumanlararo iqtisodiy sudida bo‘lib o‘tadigan birinchi sud majlisida g‘alaba qozonish imkoniyatini “yuqori” deb baholaydi va ilgari mahalliy kompaniya foydasiga qarorlar qabul qilingan shunga o‘xshash sud ishlarini (“Тонус”, “Весёлый молочник”, “Домик в деревне”) qayd etadi.
Tovar belgisi to‘g‘risidagi qonunning 25-moddasiga muvofiq, tovar belgisiga doir guvohnomaning amal qilish muddati manfaatdor shaxsning arizasi asosida qabul qilingan sud qarori bilan, tovar belgisi uning amal qilishining oxirgi uch yilida uzluksiz foydalanilmagan taqdirda muddatidan oldin tugatilishi mumkin.