BMT Taraqqiyot dasturi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekiston qishloq joylarni kompleks rivojlantirish loyihasining ikkinchi bosqichini boshladi. Bu haqda BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi loyiha yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, elektr ta’minoti tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan.
Shuningdek, bolalar bog‘chalari, maktablar va qishloq poliklinikalari kabi ijtimoiy soha obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishda resurs tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash orqali qishloq aholisining turmush darajasini oshiradi.
Loyiha qiymati $293,5 mlnni tashkil etib, uning doirasida 2024−2028 yillarda Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining 21ta tumanidagi 157ta mahallada ijtimoiy infratuzilma obyektlari quriladi va kapital ta’mirlanadi. Natijada 622 mingdan ortiq qishloq aholisining sharoiti yaxshilanadi.
Shuningdek, tegishli yashil va energiya tejamkor, raqamli yechimlar asosida qishloqlarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda arxitektorlar, muhandislar jamoalari, mahalliy hokimiyat organlarining imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, loyiha qurilish va sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishda asos bo‘ladigan mahallalarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish orqali jamoalarga o‘z rivojlanish ustuvorliklari va ehtiyojlarini aniqlash imkonini berishi kutilmoqda.
O‘tgan yili BMT Taraqqiyot dasturi O‘zbekistonga $830 mingdan ortiq grant ajratishi ma’lum qilingandi. Mablag‘lar qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini xarid qilish uchun ajratilgan kreditlarning 30%gacha qismini so‘ndirishga yo‘naltiriladi.