17-aprel kuni bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini yaxshilashga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, joriy yilning 1-iyunidan MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori ballik seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot obyektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
1-iyuldan yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III — IV toifa bo‘lgan obyektlarga bino va inshootlarning yuk ko‘taruvchi konstruktsiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunasini o‘rnatish majburiy etib belgilanadi.
Iyulgacha barcha tuman va shaharlar hududlari kesimida mintaqaviy akselerogrammalar raqamlashtirilib, onlayn bazalari shakllantiriladi. 1-avgustdan ular asosida loyihalash va qurish tartibi joriy etiladi.
2024-yilning 1-iyunidan yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III — IV toifa bo‘lgan obyektlarda gaz va elektr tarmoqlarini kuchli zilzila paytida avtomatik bloklash tizimi bilan loyihalash tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, bino va inshootlarni “kompensatsion inyeksiya texnologiyasi orqali mustahkamlash va deformatsiyani oldingi holatiga qaytarish” uslubi orqali qayta tiklash ishlari amalga oshiriladi. Bu 1-iyulgacha texnik holati qoniqarsiz deb topilgan mavjud binolarda eksperiment tarzida olib boriladi.
1-maydan zilzila xavfi va prognoziga oid xulosalar har oyda hokimliklarga kiritib boriladi. Hujjat bilan, zilzila muhandisligi olimlari assotsiatsiyasini tashkil etish belgilanmoqda.
Prezidentning 2023-yilgi tegishli qarori bilan mamlakatda kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimi bosqichma-bosqich ishga tushirilishi belgilangan.