O‘zbekiston-Tojikiston sarmoyaviy kompaniyasi $135 mlnlik loyihalarni amalga oshiradi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Joriy yilning 17-aprel kuni Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi arafasida Dushanbe O‘zbekiston-Tojikiston investitsiya biznes-forumi o‘tkazildi.
Unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 600dan ortiq vakillari, vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari va viloyat hokimliklari rahbarlari ishtirok etdi.
So‘nggi 8 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3 barobarga oshib, 2023-yilda $750 mlnga yetdi, yil boshidan esa yana 40%ga oshdi. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni $2 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Ikki davlat hududida 370dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. “Oybek-Fotexobod” chegara punkti va “Andarxon” savdo-logistika markazida savdo zonasini tashkil etish, Tojikistonning Zarafshon daryosida ikkita GES qurish kabi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ishlari olib borilmoqda.
Munosabatlarni rivojlantirishda metallurgiya va tog‘-kon sanoati, mineral-xom ashyo resurslarini o‘zlashtirish va qayta ishlash, shamol va quyosh energetikasini rivojlantirish, gidroenergetika, mashinasozlik va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish, agrosanoat kompleksi va yengil sanoat kabi sohalar belgilab olindi.
Tojikiston Bosh vazirining o‘rinbosari Usmonali Usmonzoda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarini faol hamkorlik qilishga, sheriklik aloqalarini o‘rnatishga chaqirdi. Tomonlar O‘zbekiston-Tojikiston sarmoyaviy kompaniyasining rolini ta’kidladi.
Mazkur kompaniya resurslaridan foydalanish uchun umumiy qiymati $135 mlnlik 14ta loyiha ro‘yxati shakllantirildi.
Investitsiyaviy kompaniya 2021-yilda xususiy sektor loyihalarini qo‘llab-quvvatlashning samarali vositasi sifatida tashkil etilgan.
Biznes-forum yakunlari bo‘yicha hujjatlar to‘plami imzolanib, har bir loyihani amalga oshirishning aniq ijrochilari va muddatlarini o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.
2022-yilning iyunida “Oybek” va “Fotexobod” nazorat punktlarining yonida “O‘zbekiston — Tojikiston” chegaraoldi savdo-sanoat zonasini tashkil qilish rejalashtirilayotgani maʼlum qilingandi.