Qirg‘izistondagi internet-provayderlar TikTok’ga kirishni to‘sib qo‘yishni boshladi, deb yozadi “24.kg” portali mahalliy aholiga tayanib.

Qirg‘iziston Raqamli rivojlanish vazirligi huzuridagi Aloqa sohasini tartibga solish va nazorat qilish xizmati tomonidan blokirovka qilishni so‘rab xat yuborilgan.

Unga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasidan shunday murojaat kelib tushgan: mahalliy “TikTok” segmentida “kontent senzurasiga tizimli yondashuv yo‘q”. Bu esa “bolalar salomatligi, ularning intellektual, aqliy, ma’naviy-axloqiy rivojlanishiga” tahdid soladi va qonunga ziddir.

Respublika Madaniyat vazirligi 2023-yil avgust oyi oxirida Qirg‘iziston Raqamli rivojlanish vazirligidan “TikTok"ni blokirovka qilishni so‘ragan.

Murojaatda nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan bolalarning ruhiy rivojlanishi va sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ijtimoiy tarmoqning zararli ta’siri haqida murojaatlar ko‘payib borayotgani qayd etilgan.

Kontent monitoringi shuni ko‘rsatdiki, platforma bolalarning sog‘lig‘i va rivojlanishiga zarar etkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarga kirishni cheklamaydi.

Ilovada ma’lumotlarga kirishda yosh toifasini nazorat qilish funksiyasi ham mavjud emas.


O‘zbekistonda 2021-yilning yozida “Twitter”, “Skype”, “WeChat” va “VKontakte” tarmoqlari qatorida “TikTok"ga ham cheklov qo‘yilgandi.

Bunga mazkur tarmoqlar o‘zbekistonliklarning shaxsiga oid ma’lumotlarni mamlakat hududida joylashgan serverlarda saqlamayotgani sabab bo‘ldi.

O‘sha yilning dekabrida, Komil Allamjonov mazkur platformalar faoliyatini cheklash emas, ular bilan yaqin muloqotga kirishish barcha uchun manfaatli bo‘lishi haqida fikr birdirdi.

2022-yilning iyuniga kelib, O‘zbekistonda “Twitter”, “TikTok” va “VKontakte” ijtimoiy tarmoqlari blokdan chiqarilishi kutilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Natijada, avgust oyida “Twitter”, “WeChat” hamda “ВКонтакте” ilovalari blokdan yechildi, biroq, “TikTok"ni ham blokdan chiqarish bo‘yicha muzokaralar davom etdi.