Niderlandiyaning Tvente universiteti (University of Twente) grant dasturiga arizalar qabul qilmoqda.

Unda YeI va YIHga a’zo bo‘lmagan davlatlardan nomzodlar magistratura darajasi uchun ishtirok etishi mumkin. O‘zbekiston dasturga muvofiq bo‘lgan davlatlar qatorida bor.

Universitetda amaliy matematika, amaliy fizika, biznes boshqaruvi, qurilish muhandisligi va boshqaruvi, kompyuter fanlari, elektrotexnika, atrof-muhit va energiya boshqaruvi kabi sohalar mavjud.

Dasturda ishtirok etishdan oldin universitetning magistratura yo‘nalishiga ariza topshirish kerak. Universitetga qabul qilingach, talaba raqami beriladi va keyin grantga ariza topshirish mumkin bo‘ladi.

Nomzodlar quyidagi hujjatlarni jo‘natishlari zarur:

  • shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
  • baholar transkripti;
  • tavsiyanomalar;
  • berilgan mavzu bo‘yicha esse;
  • motivatsion xat (muayyan mavzular doirasida).

Eng asosiy talablardan biri IELTS 6,5 yoki TOEFL iBT 90 ball bo‘lishi kerak. Shuningdek, yo‘nalishlardan kelib chiqib, boshqa hujjatlar ham so‘ralishi mumkin.

Qabul qilingan talabalarga bir yil uchun 3 ming yevrodan 22 ming yevrogacha stipendiya ajratiladi.

Agar nomzod ikki yillik dasturga ariza topshirgan bo‘lsa, ikkinchi yilda ham stipendiya olish uchun belgilangan talablarga javob berish kerak bo‘ladi.

Ko‘p beriladigan savollar bilan bu yerda tanishish mumkin. Stipendiya dasturi uchun taxminan 50ta o‘rin mavjud.

Arizalarni joriy yilning 1-mayigacha havola orqali onlayn jo‘natish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq AQShda o‘tkaziladigan “Humphrey Fellowship” stipendiya dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.