“Yandex Go” O‘zbekistonda taksiga buyurtma berish korporativ xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniyia matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Hozirda xizmatdan Toshkentdagi kompaniyalar biznes uchun foydalanishlari mumkin. Kelgusida mamlakatning boshqa shaharlarida ham xizmatni ishga tushirish rejalashtirilgan.

Endilikda kompaniyalar ilova orqali taksi chaqirish mumkin, bunda safar hisobotlari shaxsiy kabinetda aks ettiriladi.

Bunda kompaniya xodimni xizmatga ulaydi va unda “Biznes-akkaunt” to‘lov usuli paydo bo‘ladi. Xodim esa odatdagidek mobil ilovada taksiga buyurtma berib, pulni korporativ hisobdan to‘laydi va sayohat haqidagi ma’lumotlar kompaniya hisobida aks ettiriladi.

Har bir xodim uchun pul, sayohat vaqti va geografiya bo‘yicha cheklovni belgilash hamda tariflarni tanlash imkoniyati mavjud. Barcha buyurtmalar narxini shaxsiy kabinetda onlayn ko‘rish mumkin.

“Bu bilan har qanday yirik kompaniyalar ham o‘z xodimlariga tanish ilova orqali korporativ taksi buyurtma qilish xizmatidan oson foydalanishni ta’minlay oladi. O‘zbekistonda tadbirkorlar haqiqatan ham mahsulotni kutishganini birinchi murojaatlar va mijozlardan ko‘rib turibmiz”, — deyiladi xabarda.

Batafsil ma’lumotlarni maxsus qo‘llab-quvvatlash xizmati hamda shaxsiy menejerga murojaat qilish orqali olish mumkin.

Xizmatga ulanish uchun havola orqali ariza qoldirish kerak.


2023-yilning oktabrida “Yandex Go” mamlakatda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Dekabrga kelib, ilovada sayohatlar uchun fiskal chek berish boshlandi. Kompaniya O‘zbekistonda mahalliylashtirishni yakunlab, soliq rezidenti bo‘ldi.

Undan keyin kompaniyaning QQS to‘lash uchun mahalliy haydovchilardan olinadigan komissiyani oshirgani ma’lum qilindi. 5-dekabrdan esa xizmat Toshkent uchun “Standart” tarifini bekor qildi. Fevralda agregator naqd puldagi to‘lov uchun elektron chek berishni boshladi.

Raqobat qo‘mitasi “Yandex Go” taksi xizmatini O‘zbekistonda ustun mavqega ega deb topgandi. Ko‘rsatilgan xizmatlari yuzasidan korxonalar ichida eng katta bozor ulushi — 86,3%i unga to‘g‘ri keladi.

Avvalroq Soliq qo‘mitasi “Yandex”, “Uklon” va “MyTaxi” taksi xizmatlari soliq organlari bilan to‘liq integratsiyalashganini ma’lum qilgandi.