Ulug‘bek Ergashev 33 yoshda. Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bakalavr va magistratura bosqichlarida o‘qigan. Hozirda Bingemton universitetida kompyuter fanlari bo‘yicha doktoranturada ta’lim olmoqda. Shuningdek, Nyu Yorkda oilasi bilan birga istiqomat qiladi.
Nega AQShda ta’lim olish?
Yoshligimdan matematika, fizika va informatikaga mehrim bo‘lgan. Shu sababdan, kompyuter va unga aloqasi bor barcha sohalarni chuqurroq o‘rganish maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ga o‘qishga topshirdim. U yerda bakalavr va magistraturani tugatdim.
2017-yildan esa AQSh tomon yo‘l oldim, u yerda ikki yil davomida Binghamton universiteti da kompyuter fanlari bo‘yicha yana magistraturada o‘qidim. So‘ng, doktoranturada faoliyatimni davom ettirdim.
Bu davlatni sifatli ta’lim berilishi, istiqbolli va yaxshi maoshli ish, vaqtincha yashash yoki o‘qishdan keyin bu yerda qolish va tajriba oshirish imkoniyati borligi, butun dunyoda diplomining nufuzi va ahamiyatining kattaligi uchun tanladim.
Foto: Binghamton university
Amerikada ta’lim olish, keyinchalik nufuzli kompaniyalarda ishlash imkoniyatini beradi. Universitetlar mamlakatdagi ilmiy tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilib, talabalarni tadqiqot faoliyatiga jalb qiladi. Bugungi kunda AQShda 4500dan ortiq universitetlar mavjud bo‘lib, bunda abituriyent mutaxassislik, universitetning joylashuvi, mintaqadagi iqlim va sport klublarining mavjudligiga qarab tanlay oladi.
Bu yerda universitetlar o‘zlarining ichki tartib va qoidalarga amal qiladi va talabalar o‘zlari dars jadvallarini tuzadi. Ta’lim oluvchilar millatidan qat’i nazar, barcha huquqlardan teng foydalanadi.
Amerika ta’lim tizimida sport bilan shug‘ullanish muhim ahamiyatga ega. Sababi, jismoniy faollik maktabdanoq o‘quv dasturiga kiritilgan, oliygohlarda ham asosiy fanlar bilan bir qatorda baholanadi. Taniqli sportchi talabalar yuqori stipendiyalarga ega bo‘lishadi.
Nimalar kerak? Bu yerdagi har qanday universitetga kirish uchun GPA (o‘rtacha baholar ko‘rsatkichi)ning yuqoriligi hali ham aksariyat shtatlarda katta rol o‘ynaydi. Amerika tizimidagi maksimal GPA 4,0 ballni tashkil qiladi. Oddiyroq universitetlarda bu 3,0 ball, lekin ikki yillik kollejlar va tayyorgarlik dasturlarida ular 2,8 balldan boshlanadi.
Sertifikat. Xalqaro talabalar ingliz tilini bilish darajasini ham ko‘rsatishlari kerak. Nufuzli universitetlar uchun TOEFL iBT’dan 105 ballni, o‘rtachalari uchun esa 80 ball to‘plashi kerak. Standartlashtirilgan testlardan ham natijalarga ega bo‘lishi bilan birga, masalan matematika va menejment uchun talabaga GMAT yoki GRE, huquq uchun esa LSAT natijalari kerak bo‘ladi.
Motivatsion xat. Ya’ni maqsad bayoni, uni yozishdan maqsad qabul komissiyasini sizni tanlashga ishontirishdir. Bu xatni yozish oson ish emas, sababi u o‘ziga xos bo‘lishi, boshqalardan ajralib turishi, akademik yutuqlaringiz va shaxsiy fazilatlaringizni ochib berishi kerak. Maqsadingizga erishib bo‘lmaydigan bo‘lsa ham, aniq tasvirlab berishingiz shart.
Tavsiyanoma. Bu hujjat komissiyaga sizni boshqa odamning ko‘zi bilan baholashga yordam beradi. Qoidasiga ko‘ra, tavsiyanoma o‘qituvchilar yoki ish beruvchilar tomonidan yoziladi. Amerikada keng tarqalgan amaliyot bu tavsiya-javobdir. Ariza beruvchi hujjatda universitetining tavsiyalar uchun mas’ul shaxs elektron pochtasini yozib qoldiradi. U bilan oldindan kelishib olish muhimdir. Agar universitet xatiga o‘z vaqtida javob olmasa, abituriyent tavsiyalarsiz qoladi.
PhD’ga topshirish. PhD uchun ariza berishda GRE/TOEFLga imtihon topshiriladi. So‘ng universitetni tanlab, unga motivatsion xat va bir nechta tavsiyanomalar yig‘iladi. Keyin ilmiy ish uchun birga ishlashni rejalashtirgan rahbarlarga elektron pochta orqali xabar yuboriladi. Arizalarni to‘ldirgach, javob xatini kutish kerak.
Men o‘qiyotgan universitet talabiga ko‘ra, PhDga qabul qilingan talaba oliygoh hisobidan magistraturada bir yil o‘qib, so‘ng ilmiy izlanishlarini davom ettirishi kerak.
Hozirgi kunda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalaridan AQShda magistratura yoki PhD o‘qimoqchi bo‘lganlarga Binghamton'da katta imkoniyatlar yaratilgan. 2023-yil tashabbusim orqali ikkala oliygoh o‘rtasida hamkorlik o‘rnatildi.
Foto: shaxsiy arxiv
Viza olish jarayonlari va turlari
AQShga ta’lim olishga borish uchun talaba vizalarining har xil turi borligini bilish, har qanday xalqaro talaba uchun muhimdir. Ikkita asosiy toifa vizasi bor:
- F-1 vizasi: Bu AQShda akkreditatsiyadan o‘tgan kollej, universitet, boshlang‘ich maktab yoki til o‘rgatish dasturida akademik ta’lim olishni xohlovchilarga beriladigan talaba vizasining eng keng tarqalgan turi. Bu viza kunduzgi ta’lim talabalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, o‘qishni tugatgandan so‘ng kampusda ishga joylashish imkoniyatlari va amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi.
- M-1 vizasi: AQSh o‘quv yurtlarida akademik bo‘lmagan, kasbiy ta’lim yoki amaliyotda qatnashishni rejalashtirgan talabalar uchun mo‘ljallangan. Ushbu viza ishga joylashish imkoniyatlari nuqtayi nazaridan ancha cheklangan va odatda o‘qishni tugatgandan so‘ng amaliy mashg‘ulotlarga ruxsat berilmaydi.
Talaba vizasini olish uchun ariza beruvchilar bir nechta mezonlarga javob berishi kerak bo‘ladi. Ya’ni, davlatdagi akkreditatsiyalangan muassasasida tasdiqlangan joylashuvga ega bo‘lishi kerak. Ingliz tilini yaxshi bilishi yoki ingliz tili kursiga yozilishi lozim. O‘qish va yashash xarajatlarini qoplash uchun yetarli mablag‘i borligini isbotlashi talab etiladi. Ta’limni tugatgandan keyin qaytib ketish sabablarini ko‘rsatib, o‘z vatani bilan mustahkam aloqalarni namoyish etishlari kerak.
Amerika hayoti
Amerika keng qarashlarga va demokratik qadriyatlarga ega bo‘lgan rang-barang mamlakatdir. Bu yerda har qanday chet ellik tug‘ilgan joyi va millatidan qat’i nazar, to‘laqonli fuqaro bo‘lishi mumkin. Albatta, boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tish har doim juda hayajonli tuyiladi. Menda ham boshida yangi mamlakatda tanishlarim yo‘q edi va bu yerga ko‘nikish oson bo‘lmagan.
Bu yerda yashashni boshlaganimda ingliz tilini bilish darajamni o‘rtachadan yuqori deb baholar edim. Amalda esa, haqiqiy amerikaliklarni birinchi martada tushunish har doim mumkin emasligini tushunib yetdim.
Yevropada chet elliklar bilan muloqot qilish, ona tili bo‘lgan amerikaliklar bilan suhbatlashish bir-biridan tubdan farq qilardi. Deyarli har bir shtatda etnik jamoalar mavjud, natijada har qanday mamlakatdan kelgan insonlar bu yerda vatandoshlari bilan uchrashishi mumkin.
Foto: shaxsiy arxiv
Amerikada yashashning kamchilik tarafi tibbiy xizmatlar narxi balandligidadir. Sug‘urta paketini tanlashda qanday xizmatlar va qaysi hajmda mavjudligini aniqlash kerak bo‘ladi. Hatto, stomatologiya yoki estetik tibbiyot kabi xizmatlarning ayrim turlari sug‘urta bilan qoplanmaydi.
Ishlash istagida bo‘lganlar uchun yoshning ahamiyati yo‘q. Ammo, o‘qish va yashash xarajatlari ham yuqori. O‘rta darajadagi universitetlar narxi yiliga $30 mingdan, turar joy va ovqatlanish uchun $15 mingdan boshlanadi. Shuningdek, oliygohlar orasida raqobat kuchliligi sababli, nomzodlarning 10%ini qabul qiladi.
Binghamton universitetiga kirgan talaba akademik yutuqlariga asosan oliygoh tarafidan assistentlik scholarshipi bilan taqdirlanadi. Stipendiya bir akademik yil uchun beriladi va quyidagilarni qoplaydi:
— o‘qish uchun bo‘lgan 100%lik universitet to‘lovlari;
— yashash uchun $2300 maosh.
Men “Teaching Assistantship” stipendiyasini yutib olganman va har yili oliygoh $40 ming atrofida o‘qishim va yashashim uchun pul ajratadi.
Xatolar — o‘rganish yo‘lidir
Har bir insonning xatolari, qiyinchiliklari bor va bular nimanidir o‘rganishga turtki bo‘ladi. Shuningdek, yangi vaziyatlarda biror narsani sinab ko‘rish va bajarish mumkin. Natijada xato qilish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘lib, ko‘proq tajriba va bilimga ega bo‘ladi.
O‘tmishdagi xatolardan o‘rganganlarimdan — bu yordam so‘rashdan va savol berishdan uyalmaslik. Ishonchsizlikdan ko‘ra, aniqlik kiritish uchun so‘rash va bu bilan muammoni tez hal qilish imkoni ortishi mumkinligini bilib olganman.
Foto: shaxsiy arxiv
Kelajakni rejalashtirishning eng yaxshi yo‘li — hozirgi kundan unumli foydalanishdir. Men barcha imkoniyatlarga ochiqman, lekin o‘zim tanlagan sohamda hali ko‘p narsalarni o‘rganishim kerak deb o‘ylayman.
Eng muhim rejalarimdan biri — bu doktorlik dissertatsiyamni a’lo natijalar bilan yakunlash, o‘qishni tugatgandan so‘ng shu yerda o‘z soham bo‘yicha amaliy tajriba orttirish bo‘lsa, maqsadim ham bu sohada ko‘proq tajriba va malaka oshirishdir.