17-aprel kuni hukumatning yoshlarni kasb va chet tillariga o‘qitish tizimini yaxshilashga qaratilgan qarori qabul qilindi. Bu haqda Bandlik vazirligi xabar berdi.
Hujjat bilan, Migratsiyasi agentligida Fuqarolarni chet tillariga o‘qitish va xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazi tashkil etiladi.
Markaz professional ta’lim muassasalarida kadrlar tayyorlash jarayonlarini muvofiqlashtirish, xorijiy ish beruvchilarning ehtiyojlarini aniqlash va keng omma uchun ochiq e’lon qilish bilan shug‘ullanadi.
Shu bilan birga, o‘qitiladigan kasblar hamda chet tillarini bilish darajasiga qo‘yilgan talablar bo‘yicha buyurtmalarni shakllantiradi, fuqarolarni tanlab olish jarayonlarini tashkil etadi.
Xorijiy mamlakatlar qonunchiligi, madaniyatiga oid ma’lumotlar bilan ta’minlash, professional ta’lim muassasalari va xorijiy ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlash va xorijiy mutaxassislarni ta’limga jalb qilish, shuningdek, treninglar, seminarlar yoki amaliyotni tashkil etish markaz vazifasi hisoblanadi.
Markaz faoliyati yuridik shaxs tashkil etilmasdan agentlik rahbarligida amalga oshiriladi. Uning 16 shtat birligini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar agentlik tomonidan ko‘rsatilgan pullik xizmatlardan tushgan mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.
Bundan tashqari markaz o‘quv kurslari faoliyatini muvofiqlashtiradi. Muvaffaqiyatli bitiruvchilarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi hujjat beriladi. Kadrlarni tayyorlash bir yilgacha bo‘lgan ta’lim dasturlariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
O‘quv kurslarining ta’lim dasturlari va o‘quv jarayoni muddatlari xorijiy ish beruvchilar takliflari asosida kasblar murakkabligidan kelib chiqib, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi.
Professional ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarni ham o‘quv kurslariga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilishga ruxsat beriladi.
Chet tillarini o‘rganish va xorijda ishlash istagidagilarni xususan, yoshlarni kurslarga qabul qilish buyurtma asosida tashkil etiladi. Ta’lim oluvchilar ingliz, nemis, yapon, koreys, arab va boshqa talab yuqori bo‘lgan chet tillariga o‘qitiladi.
Bunda professional ta’lim muassasalarini chet tillariga o‘qitish bo‘yicha yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash uchun quyidagi OTMlar rektorlari mas’ul va shaxsan javobgar hisoblanadi:
- O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;
- Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti;
- Samarqand davlat chet tillar instituti;
- hududlardagi davlat pedagogika OTMlari.
Bu vazifani amalga oshirish ular faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlaridan biri etib belgilanadi
Professional ta’lim muassasalariga xorijiy davlatlar ta’lim tashkilotlari bilan birgalikda qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy qilish hamda ta’lim dasturining tegishli qismlarini, jumladan, o‘quvchilarning amaliyotini xorijiy hamkor tomonidan tavsiya etilgan muassasa va tashkilotlarda tashkil etishga ruxsat etiladi.
Avvalroq mehnat migratsiyasi jarayonlarini yaxshilash va xorijda ishlayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingandi. Endi xorijga ishga ketayotgan fuqarolarga xarajatlarini qoplashga 3,4 mln so‘mgacha kompensatsiya beriladi.
1-sentabrgacha migrantlarga yordam ko‘rsatuvchi Call-markaz tashkil etiladi. Xorijdan chiquvchi qo‘ng‘iroqlar bepul amalga oshiriladi. 2025-yilning 1-iyuligacha yagona idoralararo va to‘liq integratsiya qilingan elektron ma’lumotlar bazasi hamda mobil ilova ishlab chiqiladi.
“Spot” xorijga qonuniy ishga qanday ketish mumkinligi hamda nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida qo‘llanmani taqdim etgan.