Avvalroq hukumatning yoshlarni kasb va chet tillariga o‘qitish tizimini yaxshilashga qaratilgan qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, kasb va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladigan professional ta’lim muassasalari ro‘yxati tasdiqlandi. Unda jami 27ta ta’lim muassasasi mavjud.
Shuningdek, bir oy muddatda belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha xorijiy davlatlarning talablari va ta’lim dasturlari asosida o‘quv dasturlari ishlab chiqiladi.
Bu Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fuqarolarni chet tillariga o‘qitish va xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Transport vazirligiga yuklatilgan.
Kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlash xorijiy ish beruvchilarning talab va buyurtmalari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Mashg‘ulotlarni o‘tkazishga mahalliy va xorijiy davlatlardan malakali mutaxassislar jalb etiladi.
Migratsiya agentligi har chorak yakunida xorijiy ish beruvchilarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini kasblar bo‘yicha shakllantirib, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga buyurtma yuboradi. Vazirlik esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan professional ta’lim muassasalariga buyurtmani tasdiqlaydi.
Hujjatda professional ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni o‘quv-laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash, o‘quv adabiyotlari va o‘qitish materiallari to‘plamlarini chop etish hamda xorijiy mutaxassislarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlar qanday moliyalashtirilishi belgilangan.
Xususan, tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi va professional ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Qurilish, transport, mehmonxona xo‘jaligi va oshpazlik yo‘nalishlari bo‘yicha xarajatlar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Transport vazirligi hamda professional ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Professional ta’lim muassasalariga jalb qilinadigan pedagog xodimlarning ish haqi, ularga ustama to‘lash, o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlar to‘lov-kontraktidan tushadigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
Mashg‘ulot o‘tkazish uchun boshqa hududlardan kelgan yuqori malakali pedagog kadrlarning turar joy bilan bog‘liq xarajatlari (mehmonxona yoki turar joy ijarasi) Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanadi.
Ta’lim oluvchilar chet tilini mustaqil o‘rganib, xalqaro yoki unga tenglashtirilgan sertifikatni taqdim etganda, sarflangan xarajatlarining 50%i budjet mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Biroq, bu BHMning 10 baravaridan (3,4 mln so‘m) oshmasligi kerak.
Bunda chet tili bo‘yicha kamida B2 darajadagi, “Ausbildung” (dual ta’lim shakli) asosida xorijga ketadiganlar uchun esa nemis tilidan kamida B1 darajadagi sertifikatni olish kerak.
Professional ta’lim muassasalariga xorijiy ish beruvchilarning mablag‘lari hisobidan ta’lim oluvchilarni qo‘shimcha (asosiy bo‘lmagan) chet tillariga o‘qitish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazishga ruxsat etiladi.
O‘quv kurslariga jalb qilingan pedagog kadrlarga faoliyatidan kelib chiqib, har oy oylik maoshining 100%igacha miqdorda ustama to‘lanadi. Ularning samaradorlik ko‘rsatkichlari xorijga ishlash uchun ketgan har bir ta’lim oluvchi sonidan kelib chiqib belgilanadi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda chet tilini o‘zlari mustaqil ravishda o‘rganib, xalqaro sertifikatni taqdim etganlarning xarajatlarini qoplab berish hamda pedagoglarga oylik ustama to‘lash tartibini tasdiqlaydi.
Shuningdek, professional ta’lim muassasalariga xorijiy ish beruvchilarni biriktirish va hamkorlikni tashkil etish, bitiruvchilarni kasb bo‘yicha belgilangan tartibda xorijiy davlatlarga yuborish va ishga joylashtirish choralarini ko‘rish, malakali kadrlarni tayyorlash jarayonini doimiy monitoring qilib borib belgilanmoqda.
Avvalroq mehnat migratsiyasi jarayonlarini yaxshilash va xorijda ishlayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingandi. Endi xorijga ishga ketayotgan fuqarolarga xarajatlarini qoplashga 3,4 mln so‘mgacha kompensatsiya beriladi.
1-sentabrgacha migrantlarga yordam ko‘rsatuvchi Call-markaz tashkil etiladi. Xorijdan chiquvchi qo‘ng‘iroqlar bepul amalga oshiriladi. 2025-yilning 1-iyuligacha yagona idoralararo va to‘liq integratsiya qilingan elektron ma’lumotlar bazasi hamda mobil ilova ishlab chiqiladi.