O‘zbekistonda ichki ishlar organlari faoliyatida dronlardan foydalanish joriy etilmoqda. Bu haqda “UzA” xabar berdi.
Bu tizim xodimlariga yengillik yaratish maqsadida amalga oshirilib, qurilma IIOga favqulodda vaziyat haqida tezkor ma’lumot olish va tezroq bartaraf etish imkonini berib, vaqtni va resurslarni tejaydi, xarajatlarni kamaytiradi.
“IIV Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan hududlarda xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlari, yo‘l-patrul xizmati inspektorlari, IIOlarning boshqa sohaviy xizmatlari xodimlarini o‘qitish bo‘yicha uchta maxsus ishchi guruh tuzilgan”, — deydi IIV Axborot texnologiyalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Shohrux Muxtorov.
Tasdiqlangan rejaga asosan, Andijon viloyati IIB va hududiy tuzilmalari xodimlari uchun nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ularda xodimlarga dronlarning turlari, taktik-texnik tasniflari hamda ishlatish tartibi haqida tushuntirishlar berilgan.
Xizmat vazifasini bajarishda texnologiyalardan foydalanish orqali jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va oldini olish borasidagi ko‘nikmalar shakllantirilgan.
“Ichki ishlar xodimlarini dronlardan foydalanishga o‘qitishda hududda ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda tirbandliklarni bartaraf etish, mahallalarda kriminogen vaziyatdan tezkor xabardor bo‘lish kabi salbiy xatti-harakatlarga qarshi kurashish asosiy tamoyillar sifatida belgilangan”, — deydi Shohrux Muxtorov.
Uning qayd etishicha, yo‘l harakati xavfsizligi tizimida uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish yuqori samaradorlikka imkoniyat yaratadi.
Xususan, yo‘l-transport hodisalari, yo‘llarda qoidabuzarliklarni aniqlash, qidiruv-qutqaruv, jumladan, olib qochilgan va o‘g‘irlangan avtomobillarni topish imkonini beradi. Bunda tezkorlik ta’minlanib, vaqt, resurs va mablag‘lar tejaladi, deya ta’kidlaydi u.
Dekabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini qabul qildi. Yanvarga kelib, Senat noqonuniy harakatlar uchun jazoni yengillashtiruvchi qonunni ma’qulladi.
Joriyi yilning martiga kelib, prezident tomonidan imzolangan qaror bilan dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik yengillashtirilishi belgilandi. Ularni noqonuniy olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun avval ma’muriy keyin jinoiy javobgarlik belgilanadi.
O‘zbekistonda dronlardan foydalanish
2015-yildan boshlab O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan dronlarni olib kirish taqiqlangan, alohida holatlar bundan mustasno. 2020-yili mazkur taqiqni ko‘rib chiqish uchun petitsiya e’lon qilindi, ammo tashabbus oldinga siljimadi.
Yuridik shaxslar maxsus ruxsatnoma asosida dronlarni olib kirishi va o‘z maqsadlari uchun foydalanishi mumkin. Hozir bu huquqdan asosan qishloq xo‘jaligi tarmoqlari foydalanadi — xususan, qizilmiya yetishtiruvchilar uyushmasi a’zolari shunday huquqqa ega.
2022-yilning noyabrida hukumatning mamlakatda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarori tasdiqlandi. Mazkur hujjat bilan, uchuvchisiz uchish apparatlari uchun ruxsat olish tartibi qarorga muvofiq amalga oshiriladi.
2023-yil boshida prezident O‘zbekistonda dronlarni yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi. Iyun oyida dronlar uchun ruxsatnomalarning amal qilish muddatini tekshirish xizmati ishga tushdi.
Iyul oyida esa fuqaro va eksperimental aviatsiyasining parvoz qilish aviatsiya qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Transport vaziri buyrug‘i imzolandi.