Joriy yilning may oyidan boshlab iste’molchilar energoresurslar uchun ijtimoiy norma asosida tabaqalashtirilgan tartibda haq to‘lashni boshlashadi.

Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 1-maygacha hisob raqam to‘ldirilib qo‘yilsa, ikki oy davomida eski tarif amal qiladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu esa faqat ijtimoiy norma doirasidagi iste’mol hajmiga, jumladan, 100 kubometr gaz va 200 kVt/soat elektr energiyasi uchun amal qiladi. Agar mazkur hajmlar oshib ketsa, ikki baravar tarif qo‘llaniladi.

Hukumatning 2018-yilning yanvar oyidagi qarori asosida qabul qilingan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari” bilan iste’molchi o‘z xohishiga ko‘ra, 2 oydan ko‘p bo‘lmagan muddat uchun elektr energiyasidan foydalanish haqini oldindan to‘lab qo‘yishi mumkin. Bunda tarif o‘zgarsa ham qiymat qayta hisob-kitob qilinmaydi.

Shu bilan birgam “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari"ga ko‘ra, tariflar o‘zgargan hollarda tabiiy gaz hajmi uchun avans tarzida to‘lovni amalga oshirgan iste’molchi ikki oydan ortiq bo‘lmagan muddatga qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirishdan ozod etiladi.

Misol uchun, elektr energiyasi uchun 30-aprel sanasida 1,1 mln so‘m to‘lab qo‘yilsa va may oyida 1 000 kVt/soat elektr energiyasi yoqilsa, hisob raqamdan 200 kVt/soat uchun 59 ming so‘m (295 so‘mdan), 800 kVt/soat uchun esa 472 ming so‘m (590 so‘mdan), jami 531 ming so‘m yechib olinadi. Iyun oyida xuddi shu tartib davom etadi.

Biroq, qarzdor yoki may oyi boshidayoq hisob raqamida mablag‘i tugab, yangi to‘lovni amalga oshirishga majbur bo‘lgan abonentlar uchun tarif o‘zgaradi hamda ular yangi to‘lov bilan tegishli ravishda 450/650 — 1000/1500 so‘mdan haq to‘lashni boshlaydilar.

Avvalroq “Gazeta.uz” sayti oshirilgan tariflar bo‘yicha gaz va elektr energiyasi xarajatlari qanday o‘zgarishini hisoblab chiqqandi.

2023-yilning oktabrida yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshirildi. 1-maydan aholi uchun ham elektr va gaz uchun tariflar oshiriladi va energiya iste’molining bazaviy me’yorlari o‘rnatiladi. 1-iyuldan esa energiya resurslari uchun yuridik shaxslardan to‘lovlar 100% oldindan olinadi.

Kelgusi yilning aprel oyida jismoniy shaxslar uchun elektr va gaz tariflarini yana oshirish rejalashtirilmoqda. Iqtisodiyot va Moliya vazirligi bunga sabab sifatida inflyatsiyaning o‘sishini ko‘rsatib, so‘nggi besh yil ichida u 66%ga oshganini qayd etdi.

Aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshirilishi sabab, 1,5 mln kam ta’minlangan oilalarga yordam beriladi. Isitish mavsumida 270 ming so‘m miqdorida bir martalik kompensatsiya ajratiladi.

Avvalroq “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov energetika tarmog‘i islohotlarga muhtojligini, tariflarni o‘zgartirish va bozor mexanizmlarini joriy etish kerakligini qayd etgandi. Uning fikricha, hukumat budjetdan energiya tarmog‘ini modernizatsiya qilishga ajratilgan mablag‘larning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashi kerak.