Qoraqalpog‘istonda Toshkent shahrida yashovchi fuqaro kartasidan 50 mln so‘m o‘g‘irlagan firibgar ushlandi. Bu haqda IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi 45 yoshli S.A. ismli ayol firibgarlik holati bo‘yicha IIOga murojaat qilgan. U bank kartasidan 50 mln so‘m miqdoridagi mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilib, mazkur jinoyatni Qoraqalpog‘istonda tug‘ilgan, Nukus shahrida yashovchi 32 yoshli U.N. sodir etganligi aniqlandi.
Natijada, U.N. gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan. U internet foydalanuvchilariga “Telegram” orqali turli mazmundagi xabarni (havola) jo‘natib, ularni qiziqtirib kelgan.
Bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritgach esa, kartalardagi pullarni o‘g‘irlab, “qing‘ir yo‘llar bilan boylik orttirib” kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, U.N.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, Jinoyat kodeksining mazkur moddasi bilan, jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilishi nazarda tutilgan.
Avvalroq Farg‘onada fuqaro kartasidan pul o‘g‘irlagan firibgar ushlangandi. U fuqaro ishonchiga kirib, 4,6 mln so‘m miqdoridagi pullarini o‘zlashtirgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.