“Tesla” kompaniyasi gaz pedalidagi nosozlik tufayli 3,9 mingga yaqin “Cybertruck” elektr pikaplarini qaytarib oladi, deya xabar berdi AQSh Milliy avtomobil yo‘llari xavfsizligi boshqarmasi .

Xabarga ko‘ra, gaz pedali yostiqchasi maksimal holatda qoplamaga yopishib qolishi va elektr transport vositasining haydovchi uchun kutilmaganda tezlashishiga olib kelishi mumkin. Kompaniya gaz pedali to‘plamini bepul almashtirishi yoki ta’mirlashini aytdi.

“Tesla” 2023-yil noyabridan beri sotilgan barcha “Cybertruck"ni chaqirib oladi.

Shuningdek, 2024-yil 17-apreldan keyin ishlab chiqarilgan barcha avtomobillardagi nuqson tuzatiladi.

Fevral oyida “Tesla” AQShda 2,2 mln avtomobilni qaytarib olishi haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, avtomobillarning qaytarib olinishiga asboblar panelidagi noto‘g‘ri shrift o‘lchami sabab bo‘lgan.


Avvalroq “Spot” “Tesla” dunyo bo‘ylab xodimlarining 10%dan ortig‘ini ishdan olishi haqida yozgandi.

Ma’lumotlariga ko‘ra, qisqartirishlar kompaniyaning taxminan 14 000 nafar xodimga ta’sir qiladi.