“UzAuto Motors” kompaniyasi “Damas” uchun kontraktatsiya ochadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Damas” modeli uchun kontraktatsiya joriy yilning 23-aprel kuni soat 10:00da ochilib, avvalgi kontraktatsiyadan chiqarilgan hajmlar qayta taqdim etiladi.
Tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lov belgilangan muddatgacha amalga oshirilmasa, shartnomalar avtomatik ravishda bekor qilinib, kontraktatsiyaga qayta qo‘yilishi qayd etilgan.
Shuningdek, kompaniyaning ta’kidlashicha, avtomobillar narxi o‘zgarishsiz qoladi.
“Damas” avtomobillari uchun shartnoma tuzish faqat savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali amalga oshirilishi mumkin.
“Telegram-bot” hamda “UzAvtosavdo” ilovasi navbatni kuzatish xizmatini hamda mavjud avtomobillar haqida ma’lumotni taqdim etadi.
Mart oyida kompaniya o‘tgan yilning dekabrida amalga oshirilgan shartnoma tuzish paytida kechiktirilgan to‘lovlar hisobiga qo‘shimcha avtomobillar sotuvga chiqarilishini ma’lum qildi. Kontraktatsiya vaqti keyinroq e’lon qilinishi ta’kidlandi.
Undan keyin, 29-mart kuni “Labo” uchun kontraktatsiyani ochdi. Shu kunning o‘zida belgilangan 18 ming dona “Labo” uchun shartnomalar tuzildi.
“UzAuto Motors” kompaniyasi “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillari narxlarini oshirishi hamda sotuv bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishini ma’lum qilgandi.
Tizim dilerliklarga keyinchalik sotish uchun avtomobillarni xarid qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, dilerliklarga avtomobil uchun tavsiya etilgan chakana qiymat belgilanadi.
Qo‘shimcha hajm 2024-yilning ikkinchi yarmida ishlab chiqarilib, “Damas”, “Labo” va “Cobalt” narxi 3,5%dan 6,7%gacha oraliqda qayta ko‘rib chiqiladi.