Rossiyaning “AvtoVAZ” avtomobil ishlab chiqaruvchisi bu yil O‘zbekiston bozoriga qaytish strategiyasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda 22-aprel kuni “INNOPROM.Markaziy Osiyo” sanoat ko‘rgazmasida kompaniyaning eksport bo‘yicha direktori Ilya Savinov “Spot"ga ma’lum qildi”.
“Hozir biz O‘zbekiston bozoriga chiqish — O‘zbekistonga qaytish strategiyasi ustida ishlayapmiz. Bugungi kunda „Lada“ brendini ifodalovchi hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda — bular distribyutorlar va importerlar. Biz hamkorlikni davom ettiradigan hamkorlarni aniqlayapmiz. Hozir, muzokaralar davomida, afsuski, biz tafsilotlarni oshkor qilishga hali tayyor emasmiz”, — dedi u.
Ilya Savinovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya kompaniyasi avtomobil ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni rejalashtirmoqda va bu mavzuda “AvtoVAZ” vakili nomini aytishdan bosh tortgan mahalliy hamkorlar bilan muzokaralar olib bormoqda.
Avtomobil ishlab chiqaruvchisining yaqin rejalari orasida “Lada Niva Legend”, “Granta”, “Vesta SW Cross” va “Largus” avtomobil modellarini mahalliy bozorga chiqarish kiradi.
Bundan tashqari, “AvtoVAZ” eksport direktori 1-apreldan boshlab respublikaga avtomobillar olib kirishga kiritilgan cheklovlarni ijobiy baholadi.
“Bu avtomobil bozorini nazorat qilish va tartibga solish, mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash imkonini beruvchi yaxshi yechim, chunki ular ish o‘rinlari yaratib, qo‘shimcha soliq tushumlarini keltirib chiqaradi va albatta import oqimini nazorat qilish muhim. Men shaxsan o‘zim qarorni mutlaqo to‘g‘ri deb baholayman, — deya xulosa qildi Ilya Savinov.
Shuningdek, u har qanday bozorga avtomobillarni olib kirishda rasmiy distribyutor yoki importer maqomiga ega bo‘lish muhim shart ekanini ta’kidladi.
O‘zbekistonda “Lada"ning keng ko‘lamli yig‘ilishi (SKD) 2021-yil oktabr oyida boshlangan. “Roodell” kompaniyasining Jizzaxdagi “ADM” zavodida mahalliy bozor uchun uchta model — “Vesta”, “Largus”, “XRay” ishlab chiqarildi.
2022-yil iyun oyida “Roodell” “Lada"ning to‘liq ishlab chiqarish siklini ishga tushirishga tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.
Zavod hududida ustaxonalar uchun yangi binolar qurish ishlari olib borilib, u yerda yangi modellarni ishlab chiqarish rejalashtirilgan edi.
O‘tgan yilning aprel oyida “AvtoVAZ” prezidenti Maksim Sokolov O‘zbekistonda yangi “Lada Vesta” rusumli avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalari haqida gapirgandi. Konsern Jizzaxda yiliga 30 mingtagacha avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirgan.
Avvalroq “Spot” “UzAuto Motors” “Damas” uchun kontraktatsiyani ochishi haqida yozgandi. Shartnoma berish 23-aprel kuni soat 10:00da boshlanadi.