Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Qonun loyihasi bilan avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligi qayd etilganda transport vositasining mulkdori to‘g‘risida ma’lumot mavjud bo‘lmasa ishni ko‘rib chiqish bekor qilinadi.
Kameralar orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar jarima solish to‘g‘risida qaror chiqarishga vakolatli bo‘lgan mansabdor shaxsga 48 soat ichida yuborilmagan bo‘lsa, ishni ko‘rib chiqish tugatiladi.
Loyiha bilan kichik hajmli elektr dvigatelli transport vositalari hamda individual harakatlanish vositalarini boshqarish jarayonida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.
Bunda elektrosamokatlar, skuter, moped hamda velosiped haydovchi, individual harakatlanish vositasida boshqaruvchi tomonidan sodir etilgan harakatlar nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, MJtKning 171-moddasiga tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari transport vositalari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar yuzasidan yuritilgan ma’muriy ishlarni “ortiqcha qog‘ozbozlikdan voz kechgan holda” tugatish tartibini joriy etish belgilanmoqda.
Avvalroq joriy yilning iyulidan skuter va mopedlar uchun davlat raqamlari joriy etilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. 2025-yildan boshlab umumiy foydalanishdagi yo‘llarda ro‘yxatdan o‘tmasdan skuter va mopedlarda harakatlanish taqiqlanadi.