“Uzcard” tizimining bank kartalari uchun “ERA” onlayn kassalari “Humo” kartalarini qabul qila boshladi. Bu haqda Yagona umumrespublika protsessing markazi matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
1-apreldan “ERA” dasturiy ta’minotiga ega ayrim Pax A930 terminallari ikkala tizim kartalaridan to‘lovlarni qayta ishlash imkonini beruvchi yangilanishni oldi.
Hozir"Humo" pin-padlari orqali “Uzcard” kartalari bilan to‘lovlar 250dan ortiq qurilmalarda test rejimida ishlamoqda.
Dasturiy ta’minotning yangi versiyasi “Makro” supermarketlar tarmog‘i foydalaniladigan terminallarga o‘rnatilgan.
O‘zbekiston bo‘ylab “o‘n minglab” terminallarga ham yangilanishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
“HUMO” hamda “Uzcard"ning integratsiyalashuvi 2020-yilda rejalashtirilgandi. 2021-yilga kelib tomonlar bu bo‘yicha memorandumni imzoladi.
O‘sha yilning dekabriga kelib, tomonlar integratsiyalashuvning birinchi bosqichini yakunladi hamda to‘lov tizimi terminallari bir-birining kartalarini qabul qilishni boshlashi ma’lum qilindi.
2023-yilning mart oyida “HUMO” va “Uzcard” integratsiyasini yil yakunigacha amalga oshirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi. May oyi boshida to‘lov tizimlarining integratsiya ishlari yakunlanib, barcha bankomatlarni bosqichma-bosqich ulash 1-iyundan boshlanishi ma’lum qilindi.
Iyun oyi boshida mazkur xizmatdan 16ta bank bankomatlari orqali foydalanish imkoniyati yaratildi. Iyulga kelib, banklar soni 27taga yetdi. Iyul oxirida esa bankomatlar to‘liq integratsiya qilindi.
Joriy yil boshida Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev tizimlarni integratsiyalashni mart oyi oxirigacha yakunlash rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab bu 2023-yil oxirigacha amalga oshirilishi kerak edi, biroq texnik muammolar bunga xalaqit bergan.