“Hududiy elektr tarmoqlari” belgilangan elektr energiyasi tariflarini hisoblash uchun maxsus ilova ishlab chiqdi. Bu haqda korxona matbuot xizmati xabar berdi.
Ilova orqali joriy yilning 1-mayidan kuchga kiradigan yangi tariflarni hisoblash va elektr energiyasi uchun to‘lovlarni hisoblab borish mumkin.
Shuningdek, maxsus Telegram-bot orqali elektr energiyasining kalkulyatori ishga tushirildi. Undan @e_tariffbot orqali foydalanish mumkin.
Joriy yilning 1-mayidan boshlab iste’molchilar energoresurslar uchun ijtimoiy norma asosida tabaqalashtirilgan tartibda haq to‘lashni boshlashadi. Buning uchun bazaviy tarif (oyiga 200 kVt/soatgacha) 450 so‘mni tashkil etadi.
Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 1-maygacha hisob raqam to‘ldirilib qo‘yilsa, ikki oy davomida eski tarif amal qiladi. Bu esa faqat ijtimoiy norma doirasidagi iste’mol hajmiga qo‘llanilib, agar belgilangan hajmlar oshib ketsa, ikki baravar tarif qo‘llaniladi.
Kelgusi yilning aprel oyida jismoniy shaxslar uchun elektr va gaz tariflarini yana oshirish rejalashtirilmoqda. Bazaviy tarif kilovatt/soat uchun 600 so‘m bo‘ladi.
Avvalroq “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov energetika tarmog‘i islohotlarga muhtojligini, tariflarni o‘zgartirish va bozor mexanizmlarini joriy etish kerakligini qayd etgandi. Uning fikricha, hukumat budjetdan energiya tarmog‘ini modernizatsiya qilishga ajratilgan mablag‘larning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashi kerak.