Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida joylashgan “metan zapravka” bir oyda yirik miqdordagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Tumandagi “Trast M.” MChJga qraashli AGTKShda elektron gazni hisobga olish uskunalariga tashqi ta’sir ko‘rsatish orqali hisoblagichlarning elektron xotira ma’lumotlari yo‘qotilib, tabiiy gaz avtomobillarga siqilgan gaz sifatida sotilgan.
Natijada, joriy yilning 28-fevralidan 28-martigacha — 30 kun davomida 1,27 mln metr kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan. Talon-toroj qilingan gaz qiymati 1,8 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Mazkur holat yuzasidan “Trast M.” korxonasi rahbariga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Uch oyda 333,8 mlrd so‘mlik tabiiy gaz va elektr energiyasi talon-taroj qilingani aniqlangandi. Xorazm hamda Toshkentda noqonuniy mayning ferma tashkil etgan shaxslar 386,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishgani ma’lum bo‘ldi.