IT ta’lim uyushmasi qoshidagi “IT Ladies” hamjamiyati “IT Star” tanloviga arizalar qabul qilmoqda.
Tanlov IT va unga yondosh sohalar bo‘yicha tashkil etilib, unda 12 yoshdan yuqori xotin-qizlar ishtirok etishlari mumkin.
Loyiha menejerlari, marketologlar, dasturchilar, grafik dizaynerlar, IT-rekruterlar va IT-sohasi bilan bog‘liq har qanday yo‘nalishda faoliyat yurituvchi nomzodlardan arizalar qabul qilinadi.
Tanlovda “Ayollar uchun eng yaxshi IT qo‘llab-quvvatlash loyihasi”, “Eng ijtimoiy IT startap”, “Eng texnologik IT startap”, “IT oliygohining eng yaxshi talabasi”, “Eng yaxshi IT rekruter”, “Eng ko‘p o‘qiladigan IT jurnalist” “Eng yaxshi IT yurist” kabi nominatsiyalar bor.
Nomzodlarni tanlash ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda arizalar ko‘rib chiqilib, ikkinchi bosqichda nomzod bilan intervyu tashkil etiladi.
Arizalarni joriy yilning 1-mayigacha havola orqali jo‘natish mumkin. Natijalar 11-maygacha e’lon qilinadi.
G‘oliblar 40ta nominatsiya bo‘yicha aniqlanadi. Ularga Toshkent shahrida rasmiy mukofotlarni topshirish rejalashtirilgan.
Tanlovda ishtirok etish — bepul. Batafsil ma’lumotlar bu yerda.
Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” yangi elektropoyezd dizaynini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilgandi. Chizmalar “Hyundai Rotem” tezyurar poyezdi uchun qabul qilinadi hamda tanlov g‘olibi 100 mln so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.