Qozog‘iston hukumati “TikTok” ijtimoiy tarmog‘ini bloklash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deya xabar berdi “Interfaks” respublika madaniyat va axborot vaziri Aida Balayevaga tayanib.

Rasmiy ijtimoiy tarmoqlar orqali firibgarlik, yolg‘on ma’lumot tarqatish va bezorilik holatlari ko‘payganini qayd etdi.

Shuningdek, u muammo sifatida noqonuniy kontent, jumladan, ekstremistik materiallar hajmining ortib borayotganini ta’kidladi.

“Biz bu masalani o‘rganmoqdamiz”, dedi Balayeva va faqat cheklovlarni ko‘rib chiqayotganiga aniqlik kiritdi. U blokirovkalarni global tendensiya deb atadi va qo‘shni davlatlar ham xuddi shunday choralar ko‘rayotganini ta’kidladi.

Qozog‘iston parlamenti deputati Erlan Sairov bosh vazirga “TikTok"ni blokirovka qilish mavzusida so‘rov yubordi. U platformani yoshlarga katta ma’naviy zarar yetkazuvchi materiallarni tarqatishda aybladi.

Sayirov ijtimoiy tarmoq orqali onlayn kazino va qimor o‘yinlari reklamasini targ‘ib qilish, tuhmat va boshqa zararli ma’lumotlarni ta’kidladi. Yechim sifatida deputat noqonuniy kontentni faolroq bloklashni taklif qildi.

Shuningdek, u voyaga yetmaganlar uchun “TikTok"dan foydalanishga nisbatan qat’iy cheklovlar joriy etish tashabbusini ilgari surdi. U maxsus bolalar rejimini joriy etishni mumkin bo‘lgan muqobil deb hisoblaydi.

Avvalroq Qirg‘izistondagi internet-provayderlar “TikTok"ga kirishni cheklay boshlagandi.

Bunga mamlakatda bolalar salomatligi, ularning intellektual, aqliy, ma’naviy va axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazilishining oldini olish bo‘yicha qonunga rioya yetmagani asos bo‘lgan.

O‘zbekistonda 2021-yilning yozida “Twitter”, “Skype”, “WeChat” va “VKontakte” tarmoqlari qatorida “TikTok"ga ham cheklov qo‘yilgandi.

Bunga mazkur tarmoqlar o‘zbekistonliklarning shaxsiga oid ma’lumotlarni mamlakat hududida joylashgan serverlarda saqlamayotgani sabab bo‘ldi.

O‘sha yilning dekabrida, Komil Allamjonov mazkur platformalar faoliyatini cheklash emas, ular bilan yaqin muloqotga kirishish barcha uchun manfaatli bo‘lishi haqida fikr birdirdi.

2022-yilning iyuniga kelib, O‘zbekistonda “Twitter”, “TikTok” va “VKontakte” ijtimoiy tarmoqlari blokdan chiqarilishi kutilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Natijada, avgust oyida “Twitter”, “WeChat” hamda “ВКонтакте” ilovalari blokdan yechildi, biroq, “TikTok"ni ham blokdan chiqarish bo‘yicha muzokaralar davom etdi.


Avvalroq “Spot” “Apple” “Telegram"ni Xitoydagi “App Store"dan o‘chirgani haqida yozgandi.

Shuningdek, kompaniya WhatsApp va Threads kabi messenjerlarni ilovalar do‘konidan olib tashladi.