“BelAZ” joriy yilda O‘zbekistonda maxsus texnikalarni ishlab chiqarish uchun yig‘ish maydonchasi qurilishini boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Haul Trucks” bosh direktori Maksim Dudinets 22-aprel kuni “INNOPROM. Markaziy Osiyo” sanoat ko‘rgazmasida “Spot"ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Belarus va O‘zbekiston qo‘shma korxona tashkil etib, uning ulushlari paritet asosida taqsimlanadi. Bir tomondan “Haul Trucks-CA” hamkor sifatida ishlasa, ikkinchi tomondan o‘zbekistonlik hamkor tayinlanishi kutilmoqda.
“Bu yig‘ish maydonchasi bo‘lib, katta uzelli yig‘ish (SKD), bo‘yash kabinalari va kon uskunalarini sinovdan o‘tkazish uchun yugurish maydonchasi bilan tog‘-kon maxsus texnikalarini yig‘ishning to‘liq siklini ifodalaydi”, — dedi Maksim Dudinets.
Mamlakatda BelAZ kon texnikasini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi bosqichma-bosqich oshiriladi va kelajakda 30%ga yetkaziladi. Loyihaning joylashuvi hali aniqlanmagan, mahalliy hamkorlar bilan muhokama qilinmoqda.
Birinchi bosqichda yiliga 20tagacha maxsus texnika ishlab chiqariladi. Kelajakda loyiha quvvati bir necha barobarga — 20−25%ga oshiriladi.
“Haul Trucks” bosh direktori qo‘shma loyiha qiymati mahalliylashtirish darajasiga va hozirda hamkorlar bilan kelishilgan binolar maydoniga bog‘liq bo‘lishini ta’kidladi. Moliyalashtirish teng asosda amalga oshiriladi.
Fevral oyida Shavkat Mirziyoyev Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga O‘zbekistonda “BelAZ” konchilik uskunalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni taklif qilgandi.
Avvalroq “AvtoVAZ” O‘zbekiston bozoriga qaytish strategiyasi ustida ishlayotgani haqida xabar berilgandi.