Birinchi chorakda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 6,2%ga o‘sib, $15,82 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi hisobotida keltirilgan.

Eksport hajmi 10%ga oshib, $6,38 mlrdga, import esa o‘tgan yilga nisbatan 3,8%ga oshib, $9,43 mlrdga yetdi.

Mart oyida eksport tushumining deyarli yarmi ($1,34 mlrd) oltin yetkazib berish hisobiga amalga oshirilgan. Umuman, yil boshidan buyon mamlakat xorijga $2,66 mlrdlik (+10,5%) qimmatbaho metal sotdi.

Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi sifatidagi o‘rnini $3,01 mlrdlik tovar aylanmasi bilan saqlab qoldi, shundan $2,56 mlrdi Xitoy tovarlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi o‘rinda $2,8 mlrd bilan Rossiya turibdi, mamlakat O‘zbekiston uchun asosiy eksport bozori ($720,9 mln) bo‘lib qoldi.

Shuningdek, kuchli beshlikdan Qozog‘iston ($937,7 mln), Turkiya ($656,3 mln) va Janubiy Koreya ($544 mln) joy oldi. Fransiya bilan savdo hajmi qariyb uchdan ikkiga ($337,1 mln) oshdi, eksport 2,5 barobarga ($237,3 mln) yetdi, import esa $99,8 mlngacha qisqardi.

Eksport

Oltindan tashqari, ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksport tovarlari toifalari orasida yetakchi o‘rinni saqlab kelmoqda. U yil boshidan buyon $1,02 mlrdni tashkil etdi yoki o‘tgan yilga nisbatan 4,3%ga ko‘pdir.

To‘qimachilik va gazlamalar eksportidan tushgan daromad 1,8%ga oshib, $538 mlnni, rangli metallar yetkazib berish 14%ga oshib, $344 mlnni, po‘lat va quyma temir eksporti esa bir oz pasayib, $51,3 mlnni tashkil etdi.

Noorganik moddalar eksporti 28,3%ga oshib, $362,7 mlni tashkil etdi. Boshqa tomondan, o‘g‘itlar yetkazib berish hajmi $53,5 mlnga (-9%) kamaygan.

Uchinchi o‘rinni $352,9 mln (+2,5%) bilan oziq-ovqat eksporti egalladi. Bunda sabzavot va mevalar ($224,7 mln, +18,5%), shuningdek, don mahsulotlari ($98,3 mln, -22,2%) ustunlik qilishda davom etmoqda.

Iste’mol tovarlari eksporti $269 mlnni (-5,7%) tashkil etdi. Kiyim-kechak yetkazib berishdan tushgan daromad $229 mln (-5,6%) bo‘ldi, maxsus jihozlardan tushgan daromad 42%ga ($3,6 mlngacha), mebeldan esa 20%ga ($4,3 mlngacha) oshgan.

Mashinasozlik mahsulotlari bo‘yicha choraklik pasayish 4,5%ni tashkil etdi, umumiy hajmi $248,5 mln bo‘lgan avtomobillar va ular uchun ehtiyot qismlar eksporti mart oyidagi keskin o‘sish hisobiga $100 mlnga (+18,8%) yetdi.

Generatorlardan tushgan daromad $23,1 mlnni (+80,5%) tashkil etdi, metallga ishlov berish dastgohlari eksporti esa uch barobarga ($1,1 mlnni) oshdi. Shu bilan birga, telekommunikatsiya va ovoz yozish uskunalari ($16,6 mln, -17,2%), hamda ma’lumotlarni qayta ishlash uskunalari ($2,6 mlnni) bo‘yicha ko‘rsatkichlar pasaygan.

Birlamchi tovarlar eksporti o‘sishda davom etmoqda. Xususan, uglevodorodlar yetkazib berish 3 baravardan ko‘proqqa ($129,9 mln), metall rudalari bo‘yicha esa 2,9 baravarga ($4,4 mln) oshgan, gazning o‘sishi esa atigi 2,5%ni ($45,4 mln) tashkil etgan.

Import

Tovarlar importi tarkibida mashinasozlik mahsulotlari $3,54 mlrd bilan yetakchilik qilmoqda, bu o‘tgan yilga nisbatan 2,6%ga kam. Avtomobillar va ehtiyot qismlar yetkazib berish $964,5 mlnga (+7,5%), elektr jihozlari — $458,5 mlnga (+60%), kompyuter texnikasi — $128,7 mlnga (+20,6%) yetdi.

Ikkinchi o‘rinda ishlab chiqarilgan mahsulotlar turibdi — $1,55 mlrd (+14,2%). Ushbu turkumda temir va po‘lat (+37,6%), charm mahsulotlari (+14,2%) va metall buyumlar (+7,1%) uchun import sezilarli darajada oshdi.

Kimyo sanoati mahsulotlari importi 2,5%ga kamayib, $1,15 mlrdni tashkil etdi. Tibbiy tovarlarga $492,8 mln (+22,4%), kimyoviy materiallarga — $170,3 mln (+18,3%), plastmassaga — $170,9 mlnga (-12%) tushdi.

Xorijiy oziq-ovqat mahsulotlari importi $827,5 mlnni (-6,7%) tashkil etdi. Don mahsulotlari yetkazib berish $230 mlni (-32,1%), sabzavot va mevalarni yetkazib berish $142,2 mlnni (+53,2%), shakar va qandolat mahsulotlarini yetkazib berish $109,7 mlnni (-13%) tashkil etdi.

Yoqilg‘i-moylash materiallari yetkazib berish hajmi $1 mlrddan oshdi. Tabiiy gaz importi (Rossiya va Turkmanistondan) 2,4 barobar oshdi va $360,2 mlnni tashkil etdi. Ko‘mir yetkazib berish $52,5 mlnni (+16%), neft va neft mahsulotlari — 546,9 mlnni (+7,2%) tashkil etdi.

Avvalroq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchilarga aylanma mablag‘lar uchun 1,5 mlrd so‘mgacha berilishi ma’lum bo‘lgandi. Mahsulotlarni faqat mahalliy eksport qiluvchilarga sotuvchi fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin.