Yevropa Ittifoqi Rossiyaga harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan tovarlarni yetkazib berish orqali sanksiyalarni chetlab o‘tgan o‘ndan ortiq kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar joriy etish imkoniyatini baholamoqda, deya xabar berdi “Bloomberg”.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, gap Rossiya, Turkiya, BAA, Xitoy va Gonkong kompaniyalari haqida bormoqda.
Hujjat matniga ko‘ra, ularning ba’zilari Rossiya va Belarus jismoniy va yuridik shaxslari bilan aloqaga ega.
Ulardan ba’zilari avvalroq Qo‘shma Shtatlar tomonidan cheklovlarga duchor bo‘lgan, deb yozadi “Bloomberg”.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kompaniyalar Rossiyaga millionlab yevrolik sanksiya tovarlarini etkazib berishgan.
Qayd etilishicha, ular orasida raketalar uchun navigatsiya tizimlari bilan bog‘liq texnologiyalar, Yevropada ishlab chiqarilgan antennalar, shuningdek harbiy kompyuter texnologiyalarida ishlatiladigan komponentlar mavjud. Ko‘pgina uskunalar Yevropa Ittifoqida yoki AQShda ishlab chiqarilgan, deya ta’kidlaydi “Bloomberg”.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda baholanayotgan ba’zi kompaniyalar ilgari AQSh sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Yevropa sanksiyalarining 14-paketiga doir muhokamalar shu hafta oxirida boshlanishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, hozirda baholanayotgan kompaniyalarga nisbatan cheklovlar joriy etish qarori yakuniy emas, deb ta’kidlaydi “Bloomberg”.
Yevropa Ittifoqi 23-fevral kuni 13-sanksiya paketini tasdiqladi. Unga 106 nafar jismoniy va 88 nafar yuridik shaxs kirdi.
Bundan tashqari, YeI ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya harbiy-sanoat kompleksini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlovchi 27 tashkilotga nisbatan cheklov choralarini e’lon qildi.
Ular orasida Hindiston, Shri-Lanka, Xitoy, Serbiya, Qozog‘iston, Tailand va Turkiya kompaniyalari bor. Yevropa Ittifoqiga ko‘ra, ular savdo cheklovlarini chetlab o‘tishda ishtirok etadilar.
Yevropa Kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, ular ikki maqsadli tovarlar va texnologiyalar, shuningdek, Rossiya mudofaa va xavfsizlik sektorini texnologik jihatdan mustahkamlashga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan tovarlar va texnologiyalar eksportiga nisbatan qattiqroq cheklovlar qo‘yiladi.