Rossiyaning Ivanovo viloyatida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Savdo uyi ochildi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar bermoqda.
Savdo uyini tashkil etishdan maqsad O‘zbekiston va Rossiya hududlari o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Unda “Made in Uzbekistan” yorlig‘i ostidagi O‘zbekiston sanoatining keng assortimentidagi sifatli hamda raqobatbardosh mahsulotlar taqdim etiladi va sotiladi.
Loyihaning qo‘llab-quvvatlanishi barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoit yaratish, ikki davlat eksport-import bozorini diversifikatsiya qilish hamda ikki mamlakat tadbirkorlari va ishlab chiqaruvchilari uchun biznes imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat ekani qayd etildi.
Ivanovo viloyati Savdo-sanoat palatasi rahbari Leonid Ivanov Rossiya bozori O‘zbekistondan oziq-ovqat mahsulotlari, to‘qimachilik, hunarmandchilik va kulolchilik buyumlarini import qilishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Avvalroq Nagoyada O‘zbekiston-Yaponiya savdo uy ochildi. Unda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat, hunarmandchilik, kulolchilik, kasanachilik, to‘qimachilik mahsulotlarining ulgurji va chakana savdolari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Janubiy Koreyada O‘zbekistonning birinchi savdo uyi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Shou-rumda oziq-ovqat, meva-sabzavot, to‘qimachilik-tekstil hamda kulolchilik kabi mahsulotlar namoyish etiladi.
Prezident yirik port shaharlarda O‘zbekistonning savdo uylarini ochish zarurligini qayd etgandi. Germaniya, Vengriya, Polsha, Ispaniya, AQSh va Qozog‘istondagi savdo uylari ham tadbirkorlar boshqaruviga beriladi.