Havoni ifloslantirayotgan 300dan ortiq avtomobil egalari jarimaga tortildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 10-aprelidan 10-maygacha mamlakatning barcha hududlarida “Toza havo” oyligining birinchi bosqichi tashkil etildi.
Tadbir doirasida, shu kungacha 58 822ta avtomobil ekologik nazoratdan o‘tkazilib, 518ta transport vositasining atmosferaga me’yoridan ortiq zararli moddalar chiqarayotganligi aniqlandi.
Holatlar yuzasidan jami 303 nafar haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan jami 50,1 mln so‘m jarima qo‘llanildi.
Bunda tashqari, 222ta transport vositasining harakati vaqtincha to‘xtatildi.
Yil boshida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tirbandliklar havoning tozaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani, harakatdagi avtomobilga nisbatan tirbandlikda turganlari havoni ko‘proq ifloslantirishi qayd etilgandi.
Mart oyi boshida avtomobildan chiqayotgan zararli moddalar miqdori tekshirilib, ularga ekologik stikerlar berilishi ma’lum qilindi. 1-iyundan “Ekologik transport” tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Hududlar “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglar bilan belgilanadigan “toza”, “o‘rta” va “zararli” ekologik zonalarga ajratiladi. Ekologik toifasi “zararli” bo‘lgan avtomobillardan ekologik zonalar hududida foydalanganlik uchun javobgarlik belgilanadi.
Avvalroq avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov stavkalari oshirilgani haqida xabar berilgandi. 1-apreldan elektromobillar va mototransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish 510 ming so‘mni, qolgan barcha transport vositalari uchun esa 2,32 mln so‘mni tashkil etadi.