Energetika vazirligi va Jahon banki yangi “O‘zbekiston binolari uchun toza energiya” loyihasini ishga tushirmoqda. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirishga va binolar sektorida toza energiyaga xususiy sarmoyani jalb qilish uchun muhitni rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekistonda yakuniy energiya iste’molining 50%i binolar sektoriga to‘g‘ri keladi, undan keyin sanoat (22%) va transport (20%) sohalari turadi. Jamoat binolari sohasida tuman shifoxonalarida energiya sarfining qariyb 70%i, maktabgacha ta’lim muassasalarida 84%i, qishloq vrachlik punktlarida 88%i, maktablarda esa 97%i isitish uchun sarflanadi.
Aksariyat jamoat binolari 1970−1980-yillarda energiya samaradorligi standartlarini hisobga olmagan holda qurilgan. Ulardagi issiqlik izolyatsiyasi yomon holatda bo‘lib, harorat bo‘yicha qulaylik standartlariga javob bermaydi. Bu binolarda eskirgan qozonlar va haddan tashqari ko‘p energiya iste’mol qiladigan gidronik isitish tizimlari qo‘llaniladi.
Maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar va sog‘liqni saqlash muassasalarida energiya samaradorligini oshirish orqali bir yilda 7 ming GVt/soatdan ortiq energiyani tejash mumkin. Shundan 6810 GVt/soatga yaqini issiqlik, 240 GVt/soatdan ortig‘i esa elektr energiyasi ko‘rinishida iqtisod qilinishi mumkin.
2022-yilning iyunida Jahon banki Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihaga $143 mln imtiyozli kredit ajratdi.
Loyiha doirasida 2028-yilning oxirigacha 500dan ortiq ijtimoiy obyektlar, jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, shifoxonalar va poliklinikalar energiya samaradorligini oshirish maqsadida modernizatsiya qilinadi va ta’mirlanadi.
Jamg‘arma mazkur binolarning energiya samaradorligini baholash, energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha ishlarni xarid qilish va moliyalashtirish, ular tejaydigan energiyani o‘lchash va tekshirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.
Yuqoridagi binolarning issiqlik izolatsiyasini va isitish, ventilyatsiya, havoni tozalash va yoritish tizimlarining ishlashi yaxshilanadi. Bundan tashqari, ko‘mir qozonlari qayta tiklanadigan energiya manbalaridan quvvat oluvchi isitish va suv isitish tizimlariga almashtiriladi.
Loyihaga qamrab olingan jamoat binolari yetarlicha isitilmasligi yoki aksincha qizib ketmasligi uchun milliy harorat qulayligi standartlari bo‘yicha modernizatsiya qilinadi.
Avvalroq Iqtisodiyot vazirligi va Jahon banki o‘rtasida $50 mln ajratish bo‘yicha kelishuv imzolangandi. Mablag‘lar mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va IT sohasida ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan.