2023-yilning oktabrida prezidentning “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingandi.
Hukumat tomonidan qabul qilingan qaror bilan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlarini autsorsing asosida xususiy sektor tomonidan amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Unda autsorserni aniqlash, shartnoma tuzish va hisob-kitoblarni amalga oshirish, autsorsing xizmatlarini moliyalashtirish, autsorser va buyurtmachining huquqlari va majburiyatlari hamda monitoringni amalga oshirish tartibi belgilanmoqda.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 1-maydan tajriba-sinov tarzida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilishga autsorsing asosida xususiy sektorni jalb qilish loyihalari bo‘yicha e’lonlarni davlat xaridlarining maxsus axborot portalida joylashtirib boradi.
Sinov natijalariga ko‘ra ijobiy ko‘rsatkichlarga erishilgan taqdirda, 2025-yilning 1-dekabrigacha keyingi yillar uchun autsorsing asosida ekspluatatsiya qilinadigan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘yicha hukumatga takliflar kiritiladi.
Transport vazirligi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan ikki oy muddatda Toshkent davlat transport universitetida yo‘l xo‘jaligi xodimlari, jumladan, xususiy sektor vakillari uchun “Avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish” yo‘nalishida malaka oshirish va kasbiy qayta tayyorlash dasturi bo‘yicha alohida o‘quv kurslarini tashkil etadi.
Bunda avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilishni tashkil etishning umumiy tamoyillari, avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash ishlarini tashkil etish, obodonlashtirish va jihozlashda ilg‘or texnologiyalar va usullarni tanlash, ular holatini monitoring qilish va baholash, ekspluatatsiya qilish xarajatlari smetasini hisoblash kabilar bo‘yicha o‘quv modullari inobatga olinadi.
Nizomga ko‘ra, autsorser eng yaxshi takliflarning elektron tizimi orqali tanlash yoki tender savdolari asosida aniqlanadi. Tanlash to‘g‘risidagi axborot buyurtmachi tomonidan bu bo‘yicha e’lonni va xarid qilish hujjatlarini joylashtirish yo‘li bilan ma’lum qilinadi.
E’londa tanlash (tender) shartlari va taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati, ekspluatatsiya qilish ishlari, shartnoma asosida autsorserga beriladigan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘lining bir yillik ekspluatatsiya xarajatlari haqidagi ma’lumotlar aniq ko‘rsatiladi.
Taqdim etiladigan tanlash hujjatlarining to‘g‘riligiga talabgor javobgar hisoblanadi. Shikoyatlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq ko‘rib chiqiladi.
Autsorsing shartnomasi belgilangan avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlarining barcha bosqichlari uchun bir yilga tuziladi. Shartnomani tuzishda quyidagilar nazarda tutilishi lozim:
- shartnomaning ajralmas qismi bo‘lgan xizmatlar ko‘rsatish va moliyalashtirish jadvallari;
- belgilangan tartibda oldindan to‘lov mablag‘larini ajratish;
- xizmatlar ko‘rsatishni har oyda moliyalashtirib borish;
- hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasidan kechiktirmasdan, bajarilgan ishlar uchun tegishli hisob-fakturani buyurtmachiga taqdim etish;
- bajarilayotgan ishlar sifati uchun autsorserning javobgarligini oshirish.
Yo‘l qurilish-ta'mirlash yo‘nalishida 3 yildan kam tajribaga ega bo‘lgan tashkilotlar, ta’sis hujjatlari, moliyaviy qatnashish, xolding kabi shakllarda ifodalangan bir-biri bilan bevosita tashkiliy-huquqiy bog‘liq, buyurtmachi rahbar xodimlarining yaqin qarindoshlari ta’sisligidatashkilotgi lar tanlash yoki tender savdolarida ishtirok etaolmaydi.
Buyurtmachi zarur bo‘lganda autsorsing xizmatlarining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, ishtirokchilarga qo‘shimcha talablar belgilashga haqli. Bu dastlabki malaka tanlovi orqali amalga oshiriladi.
Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish” loyihasi amalga oshirilishi belgilangan. Uning doirasida hududlardagi 841 kilometr yo‘llar sement-beton qoplama bilan yangidan quriladi.