Yorbek Siddiqov 1993-yil Andijon viloyati Baliqchi tumanida tug‘ilgan. 2012-yildan 2017-yilga qadar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro huquq” fakultetida tahsil olgan.

2023-yildan buyon “El-yurt umidi” jamg‘armasining granti asosida huquq sohasi bo‘yicha Avstraliyaning dunyo reytingida 130-o‘rinda turuvchi Macquarie universiteti magistratura bosqichida o‘qimoqda.


Chet elda o‘qish orzusi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida o‘qib yurgan kezlarim xorijda o‘qishni davom ettirish istagi bor edi. Bakalavr bosqichini tamomlagach, 2017-yilda IELTS imtihonini topshirib, AQShdagi Oclahoma city university'ga o‘qishga kirdim. Biroq yosh va tajribasiz bo‘lganim uchunmi, viza olishga bergan arizamga rad javobi berishdi.

Shunga qaramay, bir kun kelib albatta xorijda o‘qish maqsadimni yo‘qotmadim. O‘sha paytda mehnat yarmarkasi orqali Qishloq qurilish bankining (hozirda Biznesni rivojlantirish banki) Andijon viloyati mintaqaviy filialiga yurist-konsult lavozimiga hujjat topshirib, suhbatdan o‘tdim. Bir yil ishlagach, prokuraturaga kadrlar olinayotgani haqida eshitib qoldim. Hujjatlarimni topshirib, suhbat va testlardan muvaffaqiyatli o‘tganimdan so‘ng, 2018-yilning iyul oyida Andijon viloyati Oltinko‘l tumaniga tergovchi lavozimiga ish o‘rganuvchi sifatida qabul qilindim.

U yerda bir yil davomida ishlab, prokurorning qishloq xo‘jaligi qonunchiligi ustidan nazorat va sudlarda prokuror vakolatini taʼminlash masalalari bo‘yicha yordamchisi sifatida 2022-yil apreliga qadar faoliyat yuritdim. Shu vaqtdan boshlab rotatsiya tufayli Andijon shahriga o‘tdim va shahar prokurorining sudlarda prokuror faoliyatini taʼminlash bo‘yicha yordamchisi lavozimida ishladim.

Aslida chet elda o‘qish orzum 2013-yilda paydo bo‘lgan, biroq u vaqtda menda bunga imkoniyat yo‘q edi. Ota-onam men tug‘ilmasimdan avval ajrashishgan, onam tog‘amning yordamlari bilan meni katta qilganlar — o‘zlari ishlab, shartnoma to‘lovlarimni ham o‘zlari to‘laganlar.

avstraliya, education, xorijda ta'lim

Foto: Yorbek Siddiqovning shaxsiy arxividan

Yagona farzand bo‘lganim, volidamning yoshlari o‘tib qolgani uchun o‘qishni bitirishim bilan Andijonga qaytib, mehnat faoliyatimni boshladim. O‘sha paytlarda ipoteka krediti olganimiz uchun ham kredit to‘lab, ham oila boqishimga to‘g‘ri kelgan.

Shu sababli chet elda o‘qish orzum ham qaysidir maʼnoda “o‘lgan"di. Lekin 2022-yilning yozida barchasidan ko‘nglim sovidi. Ish hajmi katta bo‘lgani uchun oilamga yetarlicha vaqt ajrata olmas, doimiy tushkun kayfiyatda yurardim. Shunda hayot tarzimni o‘zgartirishim kerakligini tushundim.

“El-yurt umidi” granti haqida

“El-yurt umidi” jamg‘armasining granti haqida ilk bor 2022-yilning oktyabr oyida bir do‘stimdan eshitdim va menda yana chet elga o‘qishga ketish istagi paydo bo‘ldi. Shuning uchun ham ish joyimni o‘zgartirib, Andijon viloyati Oltinko‘l Adliya boshqarmasining Yuridik markaziga bosh yurist-konsult sifatida o‘tdim. Chunki avvalgi ishimda chet elga chiqishga taqiq bor edi.

Shuningdek, prokuratura tizimida ishlaganimda ingliz tilini o‘rganishim uchun yetarlicha vaqt yo‘q edi. Adliya boshqarmasida esa kunlik ish rejimiga qatʼiy amal qilinadi. Tabiiyki, bundan qo‘shimcha dars olish hamda ingliz tilini qayta o‘rganishga imkon topilardi.

Men Avstraliyaga “El-yurt umidi” jamg‘armasining 2023-yildagi ikkinchi ochiq tanlovida g‘olib bo‘lib borganman. Hujjatlarni topshirish bosqichi 10-oktyabrdan 10-noyabrga qadar etib belgilandi. Shu vaqt davomida hujjatlarimni tayyorlab, onlayn tarzda “El-yurt” umidi jamg‘armasining platformasiga joyladim. Keyingi bosqichga o‘tganimizdan so‘ng Andijon viloyatining o‘zida test sinovlarini topshirdik.

Uchinchi bosqich esa 2023-yil dekabr oyining boshida belgilandi. Unda biz Toshkent shahridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida suhbatdan o‘tdik. Suhbat natijalari shu kunning o‘zida eʼlon qilindi. 31-dekabr kuni “El-yurt umidi” jamg‘armasi granti uchun o‘tkazilgan imtihonlarning yakuniy natijalari hamda g‘oliblar nomi maʼlum bo‘ldi. Shundan keyin Avstraliyaga kirish uchun harakatlarni boshladim.

avstraliya, education, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Bu orada “El-yurt” umidi jamg‘armasining bir haftalik maxsus seminarlarida o‘qidim. IELTS dan olgan ballim 6,5 bo‘lishiga qaramay, “writing” bo‘yicha ballim 6ga yetmagandi. Menga qo‘yilgan talab bo‘yicha esa umumiy ball 6 dan baland bo‘lsa ham, har bir sinov bo‘yicha 6dan past bo‘lmasligi kerak edi. Shu bois, qayta imtihon topshirishimga to‘g‘ri keldi. Vaqt kamligi uchun “Computer based” imtihon topshirdim. Natijam uch kun ichida chiqdi. Bu safar ham 6,5 ball oldim, lekin endi hamma bandlar bo‘yicha 6dan yuqori edi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasidan menga barcha kerakli tavsiya va yordamlarni berishdi. Agar bu jamg‘arma bo‘lmaganida, men bu yerga kelib, o‘z hisobimdan o‘qishimni tasavvur ham qilolmasdim. Agar “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali chet elda o‘qishni istasangiz bu siz uchun juda zo‘r imkoniyat bo‘ladi, chunki xorijda bir yil o‘qish uchun o‘rtacha $50 ming sarflash kerak.

Bakalavrga o‘qishga kirganlar shu pulni to‘rt yil davomida to‘lashiga to‘g‘ri keladi, doktorantlar esa uch yil to‘laydi. Bu juda katta summa, agar pulni o‘zingiz topmoqchi bo‘lsangiz, o‘qishingiz qolib ketishi mumkin. “El-yurt umidi” jamg‘armasi grantining yaxshi tomoni shuki, uni olganingizdan keyin boshqa narsalar bilan eʼtiboringizni chalg‘itmay, kuchli bilim olib qaytishingiz mumkin.

Jamg‘armaning uchta asosiy vazifasi bor:

  1. O‘zbekistonlik yoshlarning va davlat xizmatchilarining chet elda taʼlim olishini tashkil etish.
  2. Chet eldagi vatandoshlar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish.
  3. O‘zbekistondagi davlat xizmatchilarining xorijda malaka oshirishini tashkil etish.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi granti asosida yoshlarni chet elda o‘qitish uchun davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘lar yildan-yilda oshirib borilmoqda. Masalan, o‘zim topshirgan yilda 500 nafar yoshlarning xorijda tahsil olishi uchun imkoniyat yaratib berildi.

Jamg‘arma xorijda o‘qish uchun ketadigan barcha xarajatlarni qoplaydi. Bularga quyidagilar kiradi:

  • aviachipta;
  • sug‘urta to‘lovi;
  • viza olish jarayonida qilinadigan to‘lovlar;
  • bir yilda bir marotaba O‘zbekistonga borib kelish uchun sarflanadigan xarajatlar;
  • o‘qish uchun to‘lovlar;
  • yashash, ovqatlanish va transport xarajatlari;
  • zaruriy o‘quv va ilmiy adabiyotlar xarid qilish, ilmiy nashrlarda maqolalar chop ettirish va o‘qish bilan bog‘liq barcha xarajatlar.

“El-yurt umidi” jamg‘armasining uchala bosqichi uchun talab etiladigan hujjatlar, test savollari tuziladigan manbalar hamda boshqa barcha kerakli narsalarni havola orqali topsa bo‘ladi.

Men “El-yurt umidi” grantini yutishimdan oldin Avstraliyadagi uchta va Buyuk Britaniyadagi bitta universitetga hujjat topshirgandim. Avstraliyada men tanlagan oliygoh 25%lik grant bergan. Bu 10 ming Avstraliya dollari (6,4 ming AQSh dollari) degani. Bu yerda men uchratgan o‘zbekistonlik talabalarning deyarli 90%i o‘z mablag‘lari hisobidan o‘qimoqda. Shuning uchun ham ular Avstraliyada o‘qib, yashashi, xarajatlarini qoplash uchun ishlashga majburlar.

Macquarie universiteti. Foto: Yorbek Siddiqovning shaxsiy arxividan

Viza olish jarayonlari

Avstraliyaga viza olish biroz murakkab. Bir semestr o‘qish uchun to‘lovni qilganingizdan keyingina universitetingizdan maxsus xat beriladi va faqat o‘sha xat bilan viza olishga huquqingiz bo‘ladi. Avstraliyada immigratsiya tizimi qaysidir maʼnoda taʼlim muassalari bilan birlashib ketgan. Yaʼni, dastlabki tekshiruvni universitet komissiyasining o‘zi amalga oshiradi.

Mabodo ular keyinchalik Avstraliyada qolish niyatingizni aniqlashsa, sizni o‘qishga qabul qilishmaydi, qabul qilingan bo‘lsangiz, sizga berilgan tavsiyanoma bekor qilinadi yoki Immigratsiya xizmatiga bu haqda xabar berishadi. Immigratsiya xizmati bundan xabar topgach, sizga berilgan viza avtomatik ravishda bekor qilinadi.

Viza uchun hujjat topshirish jarayonlari to‘liq onlayn bo‘ladi, hech qanday suhbat talab etilmaydi. Faqatgina tegishli hujjatlarni to‘g‘ri tayyorlash muhim. Aslida o‘zbekistonlik talabalarning viza uchun bergan arizalari 15 kundan 60 kungacha muddat ichida ko‘rib chiqiladi. Biroq meniki “El-yurt umidi” jamg‘armasi yordami bilan 8 kunda chiqqan.

Viza uchun $500 ketadi. Undan tashqari, tibbiy ko‘rik ham bor. Ko‘rikda asosan sizda og‘ir yuqumli kasalliklar bor yoki yo‘qligi tekshiriladi. Javoblar bir yoki ikki kun ichida chiqadi va avtomatik ravishda elchixonaga yuboriladi. Shundan keyin hujjatlaringizni ko‘rib chiqish boshlanadi.

Bundan tashqari, Avstraliyaga kirishdan oldin sug‘urta qildirgan bo‘lishingiz talab etiladi. Sug‘urtangiz bo‘lmasligi viza uchun bergan arizangiz rad etilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Odatda, siz qabul qilingan universitetingizning o‘zi sug‘urtalarni tavsiya etadi.

O‘qish jarayonlari va uning O‘zbekistondan farqli jihatlari

Asvtraliyadagi huquq tizimi biznikidan tubdan farq qiladi. Bu yerda qonunlardan tashqari sud chiqargan qarorlar ham birlamchi huquq manbasi sifatida ishlaydi. Bularning barchasini o‘rganish uchun ancha vaqt kerak.

O‘quv tizimi ham biznikidan tubdan farq qiladi. Universitetlarda maʼruzalar deyarli bo‘lmaydi. Buning o‘rniga maʼruzalar bir hafta yoki bir kun oldin yozib olinib, onlayn platformaga joylashtiriladi. U orqali darsni tinglaganingizda avtomatik ravishda o‘sha darsda qatnashgan sifatida belgilanasiz. Darslar odatda ikki soat davom etadi.

Seminarda qatnashish uchun esa o‘rtacha uch yoki to‘rtta maqola, kitob, mavzu alohida o‘quv materialli sifatida beriladi. Bundan tashqari taqdimot, videodarslar va seminar savollari ham bor. Ularning har bittasini o‘qib, tayyorgarlik ko‘rib borishingiz kerak. Seminarda o‘sha savollarning muhokamasi olib boriladi.

Menga eng yoqqan jihati shuki, bizdagi darslarda berilgan savollarga javoblar to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri, deya baholansa, Avstraliyada unaqa emas.

Bu yerda xoh to‘g‘ri, xoh noto‘g‘ri bo‘lsin, savolga nisbatan sizning fikringiz so‘raladi. Baholar ham to‘g‘ri javob berganingiz uchun emas, darslarda o‘z fikringizni bildirganingiz, bergan takliflaringiz, tushunmaganlaringizni so‘raganingiz, dars davomidagi faolligingiz va hatto tushunmagan narsalarini boshqalarga o‘rgatganingizga asoslanib qo‘yiladi.

avstraliya, education, xorijda ta'lim

Foto: The education abroad

Menga yoqmagan tomonlari ham yo‘q emas, albatta. Misol uchun, bu yerdagi universitet o‘qituvchilaridan hayratlanarli darajadagi narsalarni kutmaysiz. Lekin ular berayotgan bilimlar va qo‘yadigan talablar O‘zbekistondagidan butunlay boshqacha.

Masalan, oliygohda bizga media huquqi fanidan berilgan oddiy bir topshiriqni keltirsam. 2023-yil “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida Pokiston yoki Eronda juda ko‘p bolalarni qiynagan, ularning o‘limiga sababchi bo‘lgan odamni ushlab, qatl qilishayotgani aks etgan video tarqalib ketgan.

“Facebook"ning siyosatiga ko‘ra, inson psixologiyasiga salbiy taʼsir qiluvchi yoki bolalar ko‘rishi mumkin bo‘lmagan kontent sunʼiy intellekt tomonidan avtomatik aniqlanib, tegishli mutaxassislarga yuboriladi. Mutaxassislar esa messenjer siyosatidan kelib chiqib, o‘sha kontentni cheklash yoki cheklamaslik to‘g‘risida qaror chiqaradi.

Yuqoridagi holatda ham sunʼiy intellekt qatl jarayoni tasvirlangan videoni 7−8 marotaba mutaxassislarga yuborgan. Xodimlardan biri video “Facebook"ning qoidalarini buzmaydi, degan qarorga kelgan va o‘chirishni istamagan. Keyinchalik bu video 60 ming martadan ortiq ulashilgan, 80 mingdan ortiq izoh yig‘gan. Bu katta rezonansga sabab bo‘lib, juda ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqqa shikoyat bildirgan. Vaqt o‘tgach, mutaxassislar videoni qayta o‘rganib chiqib, bloklash haqida qaror chiqargan.

Bizga berilgan savol shundan iborat ediki, qanday qilib messenjerda odamlarning axborot olishga bo‘lgan huquqini taʼminlab, bir vaqtning o‘zida zararli materiallarni taqiqlashni muvozanatda ushlash kerak? Bu savolga javob topishimiz uchun o‘zimiz fikrlashimiz hamda “Facebook"ning tegishli siyosatini o‘qib chiqib, tavsiya berishimiz kerak. O‘qituvchimiz bo‘lsa, oldindan guruhlarga bo‘lingan talabalar tomonidan berilgan tavsiyalarini jamlab, kompaniyaga rasman taqdim etadi. Ijtimoiy tarmoq buni ko‘rib chiqib, ijobiy fikr bildirgan taqdirdagina bizga baho qo‘yiladi.

Bu kabi amaliyotni bizning oliygohlarda ham joriy qilsa bo‘ladi. Masalan, davlat tomonidan ishlab chiqilayotgan qonun loyihalariga talabalar jamoaviy tarzda takliflar bersa va takliflar qabul qilingandagina baholansa bu birinchidan qiziq bo‘ladi, ikkinchidan talabalar bunday amaliyotda o‘ylab topilgan emas, real keyslar ustida ishlaydi.

Avstraliyadagi hayot

Ushbu mamlakatdagi yashillik menga juda yoqdi. Avstraliya janubiy yarimsharda joylashgani uchun iqlimi O‘zbekistonnikidan farq qiladi: bizda qish bo‘lsa, bu yerda yoz bo‘ladi. Men kelgan vaqtim aynan yoz paytiga to‘g‘ri keldi. Meni hayron qoldirgan narsa shuki, Avstraliyada daraxtlar juda ko‘p va qadimiy ekan. Bu yerda 50−100-yillik daraxtlarni uchratish juda oddiy hol.

Men yashayotgan Sidney shahri Toshkentdan ancha katta. Shaxsiy avtomobilga bo‘lgan ehtiyoj yuqori bo‘lishiga qaramay, katta tirbandliklar bo‘lmaydi, shovqin deyarli yo‘q. Avtomobil yo‘llari Toshkent bilan solishtirganda ancha tor. Jamoat transportida bir jihat qiziq tuyuldi: tramvay va avtobuslarda chipta uchun to‘lov qilinadigan kassa apparatlari ularning ichiga emas, har bir bekatga o‘rnatilgan.

Foto: shaxsiy arxiv

Metro va temir yo‘l tizimi harakati bir-biriga bog‘lanib ketgan. Baʼzi bekatlarda metro yo‘nalishidan tushib, poyezdlarga ham o‘tirib keta olasiz. Poyezd orqali shaharning eng chekka joyiga ham borish mumkin. Sidneyning markazidan 1,5−2 soatlik yo‘lda Blue Mountains degan tog‘li hudud bor. AQShdagi Grand Canyon'ga o‘xshaydi, lekin deyarli hech kim u yerga bormaydi. Hatto o‘sha chekka joylarga ham poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, reyslar o‘z vaqtida amalga oshiriladi. Shularni ko‘rib, Avstraliyaga shaharsozlikni o‘rganish uchun kelish kerak ekan, deb o‘ylab qoldim.

Yashash xarajatlari

Yashash uchun xarajatlar bir oyda o‘rtacha $1200 miqdorida bo‘ladi:

  • telefon uchun $50;
  • transport uchun $100;
  • bir marta ovqatlanish $20−30.

Odatda, biz o‘zbeklar atrofimizda halol ovqatlar bo‘lmagani sababli o‘zimiz tayyorlashimizga to‘g‘ri keladi. Bu, albatta, ancha arzon tushadi. Shunga qaramay, baʼzi kunlari universitetda ovqatlanamiz. Haftada o‘rtacha ikki marta tashqarida ovqatlansak, 50 Avstraliya dollari sarflaymiz. Kiyim-kechak xarajatlari umumiy miqdorga qo‘shilmaydi, chunki “El-yurt umidi” jamg‘armasi faqat o‘qish va yashash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplaydi.

Mening holatimda bir oyda o‘rtacha $2000 ketadi. Yashash joyingizni o‘zgartirmoqchi bo‘lsangiz, ikki haftalik depozit to‘lashingizga to‘g‘ri keladi. Avstraliyada ijara haftalik hisoblanadi. Yaʼni, har hafta to‘lov qilasiz.

O‘qishdan tashqari ishlash. Ish masalasiga kelsak, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiantlar bilan tuzgan shartnomaga ko‘ra, talabalar chet elga borib, ishlab, o‘qishdan qolib ketmasliklari uchun ularning barcha xarajatlari qoplanadi. Shuning uchun, stipendiantlar o‘qishdan tashqari ishlamaydilar.