Mamarizo Nurmuratov “O‘zsanoatqurilishbank” va “Asakabank"ni xususiylashtirishdagi sustkashlik sabablarini tushuntirdi. Bu haqda Markaziy bank raisi 25-aprel kuni matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar beradi “Spot” muxbiri.
Regulyator rahbarining fikricha, xususiylashtirish yo‘lidagi muammolardan biri bu davlat banklarining korporativ boshqaruvini o‘zgartirishdir. Xususan, so‘nggi ikki yil davomida YeTTB “Asakabank” bilan mazkur yo‘nalishda ish olib bormoqda va Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) “O‘zsanoatqurilishbank"ni sotuvga tayyorlamoqda.
“O‘zsanoatqurilishbank"da [xususiylashtirish bo‘yicha] dastlabki qadamlar qo‘yilgan, ya’ni uchta xalqaro moliya instituti (XMK, YeTTB va OTB — „Spot“ izohi) kredit liniyalarini ajratib, keyinchalik ushbu bank aksiyalariga mazkur liniyalarni konvertatsiya qiladi”, — dedi Mamarizo Nurmuratov.
Markaziy bank raisi, shuningdek, bank sohasida tavakkalchilikka asoslangan nazorat, korporativ boshqaruv va boshqa xalqaro talablarga javob beradigan kadrlarni tayyorlash zarurligini ta’kidladi.
“Ikkinchi omil — O‘zbekistonning sanksiya xavfi bo‘lgan 14 davlat ro‘yxatiga kiritilgani. Bu mazkur 14 davlat iqtisodiyotiga potensial ravishda sarmoya kiritish niyatida bo‘lgan xorijiy investorlar uchun juda salbiy signal”, — dedi regulyator rahbari.
Shuningdek, regulyator raisining qayd etishicha, davlat banklarini sotishda ustuvorlik bank faoliyati bilan professional tarzda shug‘ullanuvchi strategik investorlarga beriladi.
May oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi va YeTTB “Asakabank"ning tashkiliy tuzilmasini o‘zgartirish va aktivlarini baholashni jadallashtirish bo‘yicha kelishuv imzolashni rejalashtirmoqda.
“Fitch Ratings” agentligi “O‘zsanoatqurilishbank” va “Asakabank"ni xususiylashtirish jarayoni kechikishini prognoz qildi. O‘tgan yilning avgust oyida ikkita davlat bankining sotilishi mos ravishda 2024 va 2025-yil oxirigacha qoldirilgandi.
2022-yilning iyulida AQSh moliya vazirligi va savdo departamentlari O‘zbekistonni Rossiya korxonalari tomonidan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritdi. Amerika hukumati Rossiyaga qarshi sanksiyalarni buzganligi sabab O‘zbekiston orqali tovarlarni yetkazib berish bilan bog‘liq operatsiyalarni shubhali deb hisoblaydi.
Avvalroq hukumat davlat kompaniyalari uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibini kuchaytirgani haqida xabar berilgandi.