Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov so‘mning dollarga nisbatan devalvatsiyasi birinchi chorakda oshganiga izoh berdi. U bu haqda 25-aprel kuni Markaziy bankda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Dollar kursi oshishining asosiy sababi — bu valyutaga bo‘lgan talab. Birinchi chorakda valyutaga bo‘lgan talab 17%ga oshdi”, dedi regulyator rahbari.
Uning qayd etishicha, bularning hammasini import bilan bog‘lab bo‘lmaydi. Sababi, import o‘sishi sekinlashmoqda. Importdan tashqari to‘lovlar mavjud, masalan, tashqi qarzlar bo‘yicha to‘lovlar o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan $734 mlnga o‘sdi. Bu xuddi shunday talab bilan shakllanadigan jarayon, dedi Mamarizo Nurmuratov.
“Nima uchun qo‘shni davlatlarda [milliy valyuta] qadri oshayapti, bizda qadrsizlanyapti degan [xabarlar] chiqadi. Har bir davlatning ichki sharoiti bor. Masalan, Qozog‘istonni misol qilib yozishadi. Bu yerda ikkita omil mavjud”, deya OAVda boshqa mamlakatlarda milliy valyutaning mustahkamlanishiga izoh berdi Nurmuratov.
Qayd etilgan ikkita omilning birinchisi, Qozog‘istonda davlat tomonidan kafolatlanmagan qarz olib kelish xorijdan birinchi chorakda sezilarli oshgani bo‘lsa, ikkinchisi, mamlakatning Milliy boylik jamg‘armasi xarajatlari sezilarli oshgan. Bunda bozorga qo‘shimcha valyuta sotilgan.
“Har bir davlatda biz qanday tarafdan qarashimizdan qatiy nazar talab va taklifdan kelib chiqib belgilanadigan holat bu”, — dedi Mamarizo Nurmuratov.
Yil boshidan buyon milliy valyuta Amerika valyutasiga nisbatan deyarli 2,9%ga qadrsizlandi. So‘mning real almashuv kursi dinamikasi yil boshidan 0,9%ga pasayib, uzoq muddatli trendi doirasida shakllandi.
Tashqi savdo hamkorlar milliy valyutalari kurslari va inflyatsiyalari bo‘yicha prognozlarni inobatga olganda real almashuv kursiga nisbatan bosimlar mavjud emas.
2023-yilning 10-avgust kuni Amerika valyutasining rasmiy kursi birinchi marotaba 12 ming so‘m chegarasidan o‘tgandi. Undan keyin Markaziy bank bu bo‘yicha izoh berdi.
Asosiy savdo-hamkor davlatlar milliy valyutalarining sezilarli qadrsizlanishi ichki valyuta bozoridagi taklif hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Natijada, ichki valyuta bozorida so‘m almashuv kursi devalvatsiyasi sur’atining biroz tezlashishi kuzatildi.
Dollar kursi 22-aprel kuni rekord darajaga yetib, 12 700 so‘mdan oshdi. 25-aprel kuni Amerika valyutasining so‘mga nisbatan kursi qariyb 50 so‘mga pasaydi.