Yevropa Ittifoqi tomonidan O‘zbekistonga 6 mln yevro mablag‘ ajratildi. Bu haqda YeIning mamlakatdagi delegatsiyasi ma’lum qildi.
Mazkur mablag‘ mamlakatga qishloq xo‘jaligi sohasida islohotlar olib borilishini rag‘batlantirish va makro-iqtisodiy barqarorlikni saqlab qoldishda yaxshi natijalar ko‘rsatgani uchun taqdim etildi.
Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, 2020−2030 yillarga mo‘ljallangan Milliy Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi amalini qo‘llab-quvvatlashga jami 20 mln yevro ajratilishi ko‘zda tutilgan. Joriy va kelgusi yilda ham qo‘shimcha grantlar kutilmoqda.
Umumiy maqsad xalqni ko‘proq ish o‘rinlari va daromadlar bilan ta’minlaydigan bozorga olib chiqish, xavfsiz va to‘yimli oziq-ovqat mahsulotlari hamda barqaror qishloq-oziq-ovqat sektoridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan, deyiladi xabarda.
“Dehqon xo‘jaliklarining rivojlanishi, o‘zgaruvchan iqlim sharoitiga moslashishi, atrof-muhitni muhofaza qilishi hamda mahalliy va global qiymat zanjirining bir qismiga aylanishiga imkon beruvchi islohotlarga e’tibor qaratmoqdamiz. Mablag‘lar YeIning GSP+ kabi boshqa tashabbuslari bilan birga, Yevropa Ittifoqiga eksport hajmini oshirishga yordam beradi”, — deya ta’kidlaydi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian.
Barqaror qishloq-oziq-ovqat sektori Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston uchun uzoq muddatli indikativ dasturining (2021−2027 yillar) 3ta strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Boshqa ustuvor yo‘nalishlar yaxshi boshqaruv va inklyuzivlik hamda ekologik va raqamli o‘sishlardan iborat. Dastur doirasida 2021-yildan buyon mamlakatga deyarli 76 mln yevro ajratildi.
YeI 20 mln yevro miqdoridagi grantlarni taqsimlashdan tashqari, 2020−2023 yillar oralig‘ida sektorga 32,5 mln yevro ajratdi.
Yil boshida Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda suv ta’minoti hamda chorvachilikni yaxshilashga 12 mln yevrodan ortiq mablag‘ ajratishi ma’lum qilingandi.