19-aprel kuni “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan, 2025-yildan internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi.
Lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlar va bukmekerlikni tashkil etish faoliyatlari qonunchilikka muvofiq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (NAPP) tomonidan beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshiradi.
Litsenziyalar asosida tashkillashtirilgan lotereya, internet tarmog‘idagi o‘yinlar va bukmekerlik garovlarida faqat 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston rezidenti va norezidentlari qatnashishi mumkin.
Kelasi yilning 1-yanvaridan 5 yil muddatga lotereya hamda internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini soliqqa tortishni nazarda tutuvchi tartibi belgilanadi.
Xususan, lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini yoki bukmekerlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslarga mazkur faoliyatidan yoki bukmekerlikdan olingan jami daromadidan to‘langan yutuqlar va qaytarilgan stavkalar chegirilgan holda 4% stavkasida aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilari hisoblanadi.
Jismoniy shaxslarning agentlik tomonidan berilgan litsenziyalar asosida o‘tkaziladigan lotereyalar hamda internet tarmog‘idagi o‘yinlardan va bukmekerlik garovidan olingan yutuqlar sifatidagi daromadlari daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi.
Tashkilotchilarning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etishini monitoring va nazorat qilish funksiyalari NAPP va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
NAPPning qayd etishicha, mazkur choralar fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, qimor o‘yinlariga qaramlikning oldini olish va unga qarshi kurashish hamda mablag‘larning mamlakatdan chiqib ketishining oldini olishga qaratilgan.
Milliy provayderlarning tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyati va ularni monitoring qilish, o‘yinlarga haddan tashqari qaram bo‘lgan shaxslarni va ayrim toifadagi fuqarolarni o‘yinlarda qatnashishdan himoya qilish mexanizmlarini joriy etishni o‘z ichiga oladi.
Farmonning amalga oshirilishi mazkur faoliyatni huquqiy tartibga solish uchun ishonchli asos yaratadi, qonuniy ravishda tashkil etilgan o‘yinlarda ishtirok etayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qiladi.
Shuningdek, qimor o‘yinlariga qaramlikka qarshi kurashning samarali mexanizmlarini joriy etadi, budjetga qo‘shimcha daromad manbalarini ta’minlaydi, deyiladi agentlik xabarida.
Fevral oyi boshida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi O‘zbekistonda bukmekerlik, lotereya va kazinolar faoliyatini qonuniylashtirish masalasi ustida ishlayotgani ma’lum bo‘lgandi.