19-aprel kuni prezidentning iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori imzolandi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat bilan, 247ta korxona hamda 1028ta ko‘chmas mulk obyektidagi davlat aksiya paketlari ommaviy savdolarga chiqariladi.

Bundan tashqari 12ta yirik korxonadagi davlat ulushlarining mahalliy fond bozorida birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi o‘tkaziladi.

Aksiyalari fond birjasiga chiqarilishi kutilayotgan korxonalar va aksiyalar ro‘yxati:


Kompaniyalar
Davlat ulushi (%)
Sotuvga chiqariladigan ulush (%)
1
Olmaliq KMK
98,5
2
2
“O‘zbektelekom”
94,5
2
3
"O‘zbekiston pochtasi" (UzPost)
31,5
5
4
Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish
100
5
5
Tovar-xomashyo birjasi
44,4
2,4
6
O‘zbekgeologiyaqidiruv
100
2
7
O‘zbekgeofizika
97,2
2
8
“O‘zbekgidroenergo”
100
2
9
"O‘ztemiryo‘lkonteyner “
90
4
10
"Temiryo‘lkargo”
100
4
11
UzAuto Motors Powertrain
100
5
12
“Toshkent” RFB
75
5

Davlat ishtirokidagi korxonalar aksiyalarining ommaviy taklifini o‘tkazish jarayonida qabul qilingan buyurtmalar asosida aksiyalarni uyushgan savdolarda sotishda oldi-sotdi bitimlari investitsiya vositachilari tomonidan qat’iy ravishda “Toshkent” RFB savdo maydonchasida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Mahalliy investorlarning buyurtmalarini qabul qilish fond birjasi savdo maydonchasida amalda bo‘lgan usullarga qo‘shimcha ravishda, “E-Auksion” elektron savdo platformasi, jumladan uning mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.

Agar davlat aktivlari 3 oyda sotilmasa, ularning boshlang‘ich bahosi 10%gacha bosqichma-bosqich pasaytiriladi. Bundan Toshkent shahri va viloyat markazlari mustasno.

Joriy yilgacha ijara shartnomalari asosida ijaraga olganiga kamida 5 yil bo‘lgan va majburiyatlarni bajargan tadbirkorlarga xususiylashtirish dasturlariga kirgan davlat mulkini baholangan qiymatda to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olish huquqi beriladi.

Davlat ko‘chmas mulkini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan xaridorlar tomonidan yer va mol-mulk soliqlari ushbu obyektlarga tasarruf etish huquqi to‘liq o‘tgandan so‘ng to‘lanadi.

Shuningdek, yer uchastkalari (poytaxt va viloyat markazlari bundan mustasno) 3 oyda sotilmasa, boshlang‘ich qiymatining 30%igacha, 6 oyda sotilmaganda esa 10%igacha pasaytiriladi. To‘lovlarining 15%ini 3 oy muddatda, qolgan qismini 10 yilgacha muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.

4 va 5-toifadagi tumanlarda joylashgan davlat aktivlari va mulk huquqi asosida sotib olingan yer uchastkalari bo‘yicha to‘lovlar 5 yil ichida teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi. Ularni garovga qo‘yish uchun talab etiladigan amaldagi 35% to‘lov miqdori 15%ga tushirilmoqda.

Yil boshida hukumatga yangi xususiylashtirish dasturini tayyorlash vazifasi qo‘yilgandi. Davlat ishtirokidagi korxonalarning ulushlari va ko‘chmas mulk obyektlari samaradorlik jihatidan tahlil qilinib, yangi dastur ishlab chiqildi. 17-aprel kuni prezident xususiylashtirish dasturi va uning ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

2023-yilda prezident “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzolagandi. Hujjat bilan, ommaviy savdolar orqali to‘liqligicha sotiladigan 1 001 ta korxonaning aksiya paketlari ro‘yxati tasdiqlandi.

Shuningdek, aksiya paketlari “bitta aksiya — bitta lot” tamoyili asosida xalq IPOsini o‘tkazish tartibida ommaviy savdolar orqali sotiladigan 40ta korxonalar ro‘yxati tasdiqlangan.

YeTTB IPO va xususiylashtirish O‘zbekistonning rivojlanish istiqbollarini yaxshilashini qayd etgandi.