“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Toshkent-Maxachqal'a-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Dog‘iston poytaxtiga parvozlar 9-maydan boshlab har payshanba kuni amalga oshiriladi.

Jadval (har bir aeroport uchun mahalliy vaqt):

  • Toshkentdan uchish — 19:40, Maxachqal’aga kelish — 20:50;
  • Maxachqal’adan jo‘nash — 22:00, Toshkentga yetib kelish — 02:45.

Narxlar (xabar nashr qilingan paytda) bir tomonlama 1 mln 200 ming so‘mdan, borish va qaytish chiptasi 3 mln 444 ming so‘mdan boshlanadi.

Aviakompaniya 2022 yilning bahorida Maxachqal’aga reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan edi.

O‘zbekistonning Rostov-Don shahridagi Bosh konsuli Rustam Qo‘rg‘onboyevning aytishicha, bu ziyorat turizmi industriyasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

O‘sha yilning mart oyida Rossiyaning “Red Wings” aviakompaniyasi Toshkent va Maxachqal’a o‘rtasida parvozlar boshlanganini e’lon qildi. Parvozlar haftasiga ikki marta “SSJ 100” samolyotlarida amalga oshiriladi.


Avvalroq “Uzbekistan Airways” Nukus-Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.

Birinchi qatnov 17-iyundan boshlanib, muntazam reyslar haftada bir marta — dushanba kunlari amalga oshiriladi.