Yodda tuting: har qanday investitsiya har doim moliyaviy xavflarni keltirib chiqaradi. “Spot” ushbu ma’lumotlarga asoslangan muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz sarmoyalar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi. Barcha ma’lumotlar faqat ma’lumot olish uchun taqdim etilgan va ular investitsiya yoki boshqa harakatlarga chaqiruv sifatida qaralmasligi kerak.


Treyding — butun dunyo bo‘ylab ko‘plab odamlarning e’tiborini tortayotgan moliyaviy faoliyat turi.

Bugungi kunda fond birjasi va valyuta bozorida ishlash uchun zarur ko‘nikmalarni nafaqat ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlarida, balki qisqa vaqt ichida o‘quv markazlarida, hatto mustaqil o‘zlashtirish mumkin.

“Spot” treyding va treyder faoliyati, savdo bozorlariga kirish, hisob turlari va boshlang‘ich sarmoya hamda zarur ko‘nikmalar haqida “BeTrader” asoschisi Akmal Djalilov bilan suhbatlashdi.


Intervyuning matnli versiyasi qisqartirilgan shaklda taqdim etilgan:


Treyding, treyder va bu faoliyat haqida

Treyder — treydingda faoliyat yuritadigan, oldi-sotdi jarayonlarda ishtirok etuvchi shaxs hisoblanadi. Ushbu sohada mutaxassis ma’lum bir aktivning savdo jarayonida olish va sotish orasidagi farqni foyda sifatida oladi. Bu esa “profit” deb ataladi.

Treydingni mustaqil o‘rganish uchun ko‘proq vaqt sarflash kerak. Shuningdek, professional mutaxassisga shogird bo‘lib asosiy bilimlarini egallash mumkin. Bu faoliyatni olib borishda inson dastlab o‘ziga qarshi kurasha olishi lozim, agar ochko‘zlik qilsa va katta umid bog‘lasa, ishlash jarayonida qiyinchiliklarga duch kelishi aniq.

Biz savdolarni asosan Fond bozorida amalga oshiramiz. Shu sababdan, qimmatli qog‘ozlar birjasida, odatda har bitta brokerning shaxsiy platformasi bo‘ladi. Asosiy jihati shundaki, tegishli platformalardagi kerakli tugmalar asosida savdoga kirishni bilish lozim. Shuningdek, “interface” ham har xil brokerda turlicha bo‘ladi.

Forex” esa yagona platforma hisoblanadi va barcha brokerda bir xil ishlaydi. Bu nom “Foreign Exchange” so‘zining qisqartmasi bo‘lib, ingliz tilidan tarjima qilinganda “xorijiy valyuta” degan ma’noni anglatadi va u yerda valyuta almashinuvi amalga oshiriladi.

“Forex” bozorida investitsiya fondlari, tijorat va investitsiya banklari, tashqi savdo kompaniyalari, brokerlar va dillerlar hamda treyderlar ishtirok etadi.

forex, treyding, valyuta bozori

Foto: Jaloliddin Rajabov / Spot

Treyding va hisob turlari

Treydingda bir nechta hisob turlari bor: shaxsiy, oilaviy, boshqaruv va demo (virtual pullar) hisoblar. Demo hisobda boshlang‘ich darajadan o‘rganayotganlar o‘zlariga tajriba yig‘ish uchun shug‘ullanib, har xil strategiyalarni sinab ko‘rishlari mumkin. Bu hisobda 1−2 oy davomida ishlab, keyin real hisobda savdo boshlash kerak.

Real hisobda kichikroq miqdordagi mablag‘dan boshlash lozim. Yo‘qotishlarni va bir qancha risklarni aynan kichik summalarda sinab ko‘rib, so‘ng kattaroq kapital bilan davom ettirsa bo‘ladi.

Valyuta bozori — eng katta savdo maydoni sanaladi. Ammo, professional jarayonga kirish uchun fond bozori qulayroq. Bu yerda qimmatli qog‘ozlar, obligatsiyalar, opsionlar va fyucherslar orqali ishlasa bo‘ladi.

Obligatsiya — qiymatiga nisbatan egasiga (qat'iy belgilangan daromad keltiruvchi) qimmatli qog‘oz, qarzni qaytarib berish va foiz to‘lashni tasdiqlovchi majburiyatnoma hisoblanadi.

Treydingning uchta turi bor: kunlik, swing va uzoq muddatli, ya’ni investitsiyalar. Kunlik savdoda foydalanadigan strategiyadan oldi sotdi natijasini bir kunda, ya’ni bir jarayon sessiyasida ko‘rish holati hisoblanadi.

Swing ma’lum bir vaqt oralig‘ida, odatda kundan haftalargacha bo‘lgan aksiyalarning (yoki har qanday moliyaviy vositaning) qisqa muddatli narxlari harakatidan kapitallashtirishni o‘z ichiga oladi.

Uzoq muddatli savdolar oldi-sotdi pozitsiyani ko‘proq vaqtga ushlab turish strategiyasi deb ham ataladi. Ushbu turdagi savdo-sotiqni afzal ko‘rgan treyderlar o‘zlarining rejalarini makroiqtisodiy ma’lumotlar va uzoq muddatli grafikalar asosida tuzadi.

Treyding bilan qanday shug‘ullanish mumkin?

Boshlang‘ich bilimga ega treyderning kapitali kam bo‘lsa, katta fondlar, “Prop trading” kompaniyalari tomonidan yilda bir marotaba o‘tkaziladigan tanlovlarda qatnashib qo‘shimcha mablag‘ yutib olishi hamda keyinchalik ular bilan birga faoliyat olib borish ham mumkin.

O‘zbekistondagi broker tashkilotlari treyder bo‘lib ishlamoqchi bo‘lganlardan maxsus sertifikat talab qiladi. Xorijiy kompaniyalarga SAP sertifikati bilan ishga kirish mumkin. U yerda ishlaydigan investitsion fond boshqaruvchilari maoshi $1 mlndan boshlanadi.

Treyding treyderning asosiy faoliyat turi va u orqali o‘z daromadiga ega bo‘ladi. Investor qo‘shimcha mablag‘ini sarmoya sifatida kiritadi va undan ma’lum vaqt oralig‘ida foyda oladi.

Savdo platformalari haqida

Savdo platformasi — treyderga xalqaro birja va birjadan tashqari moliyaviy bozorlarga onlayn kirish imkonini beruvchi dasturiy ta’minot. Bozor va treyder o‘rtasidagi vositachi broker hisoblanadi, platforma esa treyderga ma’lumot olish va savdolarni amalga oshirish uchun taqdim etiladigan broker vositadir.

Platformalarda bozorning hozirgi va oldingi davrlardagi holatini baholash uchun texnik hamda grafik tahlil qilishga mo‘ljallangan asosiy vositalar mavjud. Bu dasturlarga “Tradingwiev”, “Thinkorswim” singari ilovalarni misol qilish mumkin.

MetaTrader4” — qulay interfeys va funksionallikni o‘zida birlashtirgan. “MetaTrader5” esa “MT4” platformasining o‘zgartirilgan va takomillashtirilgan versiyasi. Undan ko‘pincha “Forex"da ishlovchi treyderlar foydalanadi. Ilova orqali valyuta paralari va qimmatli qog‘ozlar shartnomalarni oldi-sotdi jarayonlarini amalga oshirish mumkin.

cTrader” — professional faoliyat uchun mosdir. “R Trader” — professional treyding bilan shug‘ullanuvchilar uchun “RoboForex"ning xususiy platformasi. “Libertex” — yangi boshlaganlar uchun mo‘ljallangan.

forex, treyding, valyuta bozori

Foto: Jaloliddin Rajabov / Spot

Tahlil turlari

Treydingda tahlil 2 turga bo‘linadi: fundamental va texnik. Valyuta bozoriga tatbiq etishda fundamental tahlil xalqaro iqtisodiy, moliyaviy va siyosiy omillarni, ularning o‘zaro bog‘liqligini hamda valyuta kurslarining xatti-harakatlariga ta’sirini o‘rganadi.

Texnik tahlil — narxlar harakatining kelajakdagi yo‘nalishini bashorat qilish uchun grafikalar orqali bozor dinamikasini o‘rganishdir. Aslida, texnik tahlil davrlilik va takrorlash g‘oyasiga asoslanadi, chunki valyuta kurslari jadvallaridagi kotirovkalarning ko‘tarilishi va pasayishi ma’lum vaqt oralig‘ida va shunga o‘xshash hodisalardan keyin takrorlanadi. Texnik tahlilning afzalligi shundaki, u istalgan vaqt oralig‘ida ishlatilishi mumkin.

Shu sababdan, grafikning vizual ko‘rinishini tahlil qilish, agar boshqa indikatorlar ishlatilsa, ikkalasini birgalikda o‘rganish kerak bo‘ladi.

“Forex"da ishlovchilar sham tahlilda ishlasa, fond bozorida asosan, bar tahlili olib boriladi. Bizga barlarning o‘sishi, “spread” va grafikdagi shakllanadigan hajmi asosiy ahamiyatga ega.

Timeframe — ma’lum bir vaqt oralig‘ida narx o‘zgarish diapazoni hisoblanadi. Timeframe hajmi qanchalik katta bo‘lsa, bu yerdagi diapazon ham shuncha kattalashadi. Ularni tahlil qilish orqali umumiy bozor yo‘nalishini aniqlash mumkin.

Timeframe’larni birlamchi, oraliq va qisqa muddatli deb tasniflash mumkin. Biroq, bozorlar bir vaqtning o‘zida bir nechta davr oralig‘ida mavjud bo‘ladi. Ko‘rib chiqilayotgan muddatga qarab, ma’lum bir aksiyada qarama-qarshi tendensiyalar ham bo‘lishi mumkin.

Pattern — texnik tahlilning bir turi bo‘lib, tarixdagi qayta takrorlanuvchi grafiklarni o‘rganadi. Ya’ni, ma’lum bir payt bozor o‘zgarishi, trend sifatida o‘sishi orqali ushbu patternlar shakllanadi, ularni tahlil qilish natijasida bozor strukturasini tushunib olsa bo‘ladi.

Savdoda robotlardan foydalanish

Birja yoki “Forex"ning treyding roboti — valyuta juftligini muayyan nuqtada sotib olish yoki sotish kerakligini aniqlash uchun belgilangan “Forex” bozori signallaridan foydalanadigan algoritmik shakldir. Bunday vositalar odatda to‘liq avtomatlashtirilgan va ko‘plab turli onlayn brokerlar yoki treyding platformalariga osongina birlashtirilishi mumkin.

Robotlar treyderga savdoning ma’lum bir vaqtida kirish yoki chiqish signallarini berib boradi. Jarayonni to‘liq amalga oshirib, katta foyda keltiradigan robotlar asosan katta kompaniyalarda ishlatiladi. Masalan, “Renaissance Technologiyes LLC” fondida 300 dan ortiq dasturchilar aynan shu algoritm ustida ish olib boradi. Bunday robotlar kompaniyaga yiliga 50−60% daromad keltiradi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi.

Har bitta bozorda umumiy “Lot” atamasi mavjud va u ma’lum bir miqdorni anglatadi. “Lot” — savdo amaliyotlarida amalga oshirilayotgan bitimlarning hajmini o‘lchash birligi. Forex bozorida 1 lot $100 mingga teng bo‘lsa, fond bozorida 1 lot 100 ta aksiyani tashkil etadi.