AQSh Savdo vakolatxonasi (USTR) O‘zbekistonni intellektual mulk qora ro‘yxatidan chiqardi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
25-aprel kuni tashkilot intellektual mulk huquqlarini himoya qilish mexanizmlari samaradorligiga oid yangi maxsus hisobotini taqdim etdi. O‘zbekiston 2000-yildan buyon birinchi marta “kuzatuvdagi davlatlar” ro‘yxatiga kiritilmadi.
Bunga “intellektual mulkni himoya qilish sohasidagi uzoq muddatli muammolarni hal qilishda erishilgan yutuqlar” sabab bo‘ldi. Bojxona kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlar bilan tasdiqlangan kontrafakt tovarlarni olib kirishga qarshi kurashish bo‘yicha bojxona organlarining vakolatlari alohida ta’kidlangan.
USTR, shuningdek, mualliflik huquqlari va patentlar masalasiga “yuqori siyosat darajasida” e’tibor qaratdi. Mamlakat AQSh va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo kelishuvi doirasida tuzilgan intellektual mulk ishchi guruhida ishtirok etadi.
Ro‘yxatdan O‘zbekistondan tashqari Dominikan respublikasi ham chiqarildi. Hozir uning tarkibida Belarus, Vetnam, Misr, Pokiston va Turkiya kabi 20ta davlat qolgan. Yana 7 davlat — Argentina, Venesuela, Hindiston, Indoneziya, Xitoy, Rossiya va Chili “maxsus nazorat ostida”.
Muayyan davlatning ro‘yxatda bo‘lishi intellektual mulkni himoya qilishda jiddiy muammolar mavjudligini bildiradi hamda xorijiy investorlar uchun signaldir, deya ta’kidladi Adliya vazirligi. Hozirgacha Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat O‘zbekiston va Turkmaniston “kuzatuvdagi davlatlar” ro‘yxatida edi.
Vazirlik O‘zbekiston intellektual mulk bo‘yicha qator xalqaro shartnomalarga qo‘shilganini ta’kidladi. Milliy qonunchilik JSTning intellektual mulk huquqlarining savdo aspektlari to‘g‘risidagi bitimi (TRIPS) normalarini mustahkamlaydi.
Avvalroq “McDonald's” O‘zbekistonda tovar belgisining amal qilish muddatini uzaytirish uchun ariza topshirgandi. Mahalliy “Reach Impex” kompaniyasi Amerika korporatsiyasining guvohnomasini muddatidan oldin to‘xtatishni talab qilgan.