Hukumatning 26-apreldagi tegishli qarori bilan “Qimmatli qog‘ozlar bozori mijozlarini masofadan raqamli identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabar berdi.
Nizom bilan jismoniy shaxslarni, jumladan, yuridik shaxs nomidan faoliyat olib borish huquqiga ega bo‘lganlarni investitsiya vositachilari tomonidan masofadan raqamli identifikatsiya qilish tartibi va shartlari, masofadan turib qimmatli qog‘ozlar hisobvarag‘ini ochish imkoniyati yaratilmoqda.
Mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish maqsadida ularning shaxsini tekshirish va identifikatsiya qilish taqdim etilgan ma’lumotlar asosida investitsiya vositachilarining xodimi tomonidan yoki real vaqt rejimida inson aralashuvisiz, investitsiya vositachilarining axborot tizimlari orqali amalga oshiriladi.
Tartibning joriy etilishi investitsiya vositachilari ishiga raqamli texnologiyalarni joriy etish, mijozlar bilan masofadan turib shartnomalar tuzish va depo hisobvaraqlarini ochish imkonini beradi, deyiladi NAPP xabarida.
O‘zbekistonda mijozlarni masofadan turib raqamli identifikatsiya qilish tartibi faqat banklarda joriy qilingandi.
Masofadan raqamli identifikatsiya qilish tartibini joriy etish aholining fond bozoridagi ishtirokini rag‘batlantirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali fuqarolarning savdolarda ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Yanvar oyi oxirida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimni taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi. 2023-yil oxirida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi nizom loyihasini e’lon qilgandi.
“Qumdon” prezidentning 2023-yilning sentabridagi qaroriga muvofiq xorijiy investorlarning qimmatli qog‘ozlar mahalliy bozoriga kirishini ta’minlashga qaratilgan.
“Tartibga solish qumdoni” doirasida faqat O‘zbekistonda tan olingan xorijiy yurisdiksiyalardan birining qimmatli qog‘ozlar bozorida faoliyat yuritish litsenziyasiga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga ishlashga ruxsat etiladi. Ularning ro‘yxati NAPP tomonidan tasdiqlangan.
Agentlik fevral oyida Gruziyaning “Bank of Georgia” bankini “Tartibga solish qumdoni” huquqiy rejimining birinchi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgandi.